Soliqlar va soliqqa tortish

Tekst
Loe katkendit
Märgi loetuks
Kuidas lugeda raamatut pärast ostmist
Šrift:Väiksem АаSuurem Aa

Soliq stavkasi soliq bazasining o‘lchov birligiga nisbatan hisoblanadigan soliqning foizlardagi yoki mutlaq summadagi miqdorini ifodalaydi.

Soliq stavkalari Soliq Kodeks bilan yoki Ozbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.

Ilk marotaba 2020 yildan aksiz solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va qat’iy belgilangan summada jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonuni bilan belgilandi. Aksiz solig‘ining stavkalari, mahsulot narxi dinamikasidan va realizatsiya qilish hajmidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan yil davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Mustaqillikning ilk davridan 2005 yilgacha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi qarori bilan, 2005 yildan toki 2019 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi qaroribilan belgilangan.

Soliq stavkalari foizlarda yoki mutloq summada belgilanishi mumkin. Soliq stavkasi soliq elementlari ichida eng ko‘p amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan unsurdir. Shunki soliq stavkalarini o‘zgartirish orqali davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatiga ta’sir etadi.

Soliq stavkalari, undirilishga, mohiyatiga va amal qilishi nuqtai nazaridan bir necha turlariga ajratiladi:

Soliq stavkalarining biri proporsional soliq stavkasi bo‘lib, bu soliq stavkasining asosiy mohiyati shundan iboratki, yuridik yoki jismoniy shaxslardan oboroti, foydasi yoki boshqa bir soliq ob’yektining bir xil turida yangi qo‘llashdan muhim xususiyati shundaki, soliq to‘lovchi ega bo‘lgan foyda (daromad), divedend, oborot yoki mol-mulk qiymatini hajmi (summasi) qancha bo‘lishidan qat’i nazar bir xil tartibda, ya’ni bir xil foizda soliq stavkasi qo‘llaniladi.

Soliq stavkalarining keyingi turi progressiv soliq stavkasi hisoblanadi. Progressiv soliq stavkasi, mohiyati jihatidan proporsional soliq stavkasiga nisbatan teskari holatda amal qilib, unga muvofiq soliq to‘lovchilarning daromadlari, foydasi yoki oboroti ortib borishiga muvofiq tarzda soliq stavkasining ham ortib borishi tushuniladi. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i misolida ko‘rishimiz mumkin. Bunga muvofiq, jismoniy shahslarning olgan daromadi oshib borishi bilan birga belgilangan shkala asosida soliq stavkasi oshib boradi.

Regressiv soliq stavkasida soliq to‘lovchining soliqqa tortiladigan daromadi, oboroti, mol-mulk qiymati kabi soliq ob’yektining ortib borishi bilan soliq stavkasining kamayib borishi ifodalanadi. Bundan ko‘rinadiki, regressiv soliq stavkasi progressiv soliq stavkasiga nisbatan teskari iqtisodiy hodisani ifodalaydi. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida regressiv soliq stavkasi asosan soliqlarning rag‘batlantiruvchilik rolini oshirish maqsadida qo‘llanilib, bu asosan korxonalarning mahsulot (xizmat, ish) ni chetga eksport qilishini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. Jumladan: yuridik shaxslardan olinadigan foyda va mol-mulk solig‘ida ko‘rish mumkin.

Soliq imtiyozlari bu – soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyatidir.

Soliq to‘lovchiga soliqlarni to‘lash bo‘yicha muddatni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyati berilishi soliq imtiyozlari hisoblanmaydi.

Soliq imtiyozlari Soliq Kodeks bilan taqdim etiladi. Soliq imtiyozlari individual xususiyatga ega bo‘lishi mumkin emas.

Ayrim soliqlar bo‘yicha soliq imtiyozlari, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i solinadigan mahsulotlar ishlab chiqarilganda va (yoki) realizatsiya qilinganda aksiz solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan faqat belgilangan soliq stavkasini kamaytirish, lekin ko‘pi bilan 50 foizga kamaytirish tarzida va ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin.

Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun imtiyozlar quyidagi ko‘rinishda beriladi:

– soliq va (yoki) boshqa majburiy to‘lovlar va yig‘imlarni to‘lashdan ozod etish;

– soliq bazasini kamaytirish;

– soliq stavkasini pasaytirish.

Imtiyozlar amal qilish muddatiga qarab doimiy va muayyan muddatga beriladigan imtiyozlarga bo‘linadi.

Doimiy imtiyozlar cheklanmagan amal qilish muddatiga belgilanadi. Bunday imtiyozlarning asosiy qismi Soliq kodeksida keltirilgan.

Muayyan muddatga beriladigan imtiyozlar vaqtinchalik hisoblanadi. Ular Soliq kodeksi, shuningdek ayrim qonunlar, Prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni amalga oshirayotgan, hudud infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etuvchi yoki O‘zbekiston investitsiya dasturi qatnashchisi hisoblangan korxonalarga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qo‘shimcha tarzda imtiyozlar berilishi mumkin.

Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar soliq solishdan bo‘shagan mablag‘larni aniq maqsadlarga yo‘naltirishi sharti bilan berilishi mumkin. Bunday mablag‘lar maqsadli ishlatilmagan taqdirda maqsadsiz ishlatilgan mablag‘lar summasi belgilangan tartibda penya hisoblangan holda budjetga undirilishi lozim. Soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilishi munosabati bilan bo‘shagan va mazkur imtiyozlarning amal qilish davrida foydalanilmagan mablag‘lar summasi berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng bir yil davomida ularni taqdim etishda belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilishi mumkin. Bunda belgilangan muddatda foydalanilmagan mablag‘lar budjetga o‘tkazilishi lozim.

Soliqni hisoblab chiqarish tartibi soliq bazasidan, soliq stavkasidan, shuningdek mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq imtiyozlaridan kelib chiqqan holda soliq davri uchun soliq summasini hisob-kitob qilish qoidalarini belgilaydi.

Soliqni hisoblab chiqarish soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Soliq kodeksida nazarda tutilgan hollarda bu majburiyat soliq organiga yoki soliq agentiga yuklatilishi mumkin.

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni banklar orqali naqd pulsiz shaklda to‘laydi.

Soliq davri deganda tugagandan keyin soliq bazasi aniqlanadigan hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi hisoblab chiqariladigan kalendar yil yoki boshqa davr tushuniladi.

Soliq davri bir necha hisobot davrlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Soliq solish usullari uch xil ko‘rinishda amalga oshirilib, ular quyidagilarga: soliq solishning kadastrli, deklaratsiya va manba oldidan soliq solish usullariga ajratiladi.

Soliq yuki – soliq to‘lovchi muayyan vaqt oralig‘idagi faoliyati natijasida to‘lagan soliqlarining yig‘indisini ifodalaydi.

Bunda soliq to‘lovchilar to‘laydigan barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘indisi ifodalanadi. Soliq yukining aniq soliq to‘lovchilar zimmasiga qancha to‘g‘ri kelganligini aniqlash ancha murakkab jarayon hisoblanadi. Biroq to‘g‘ri (bevosita) soliqlarda soliq og‘irligi aynan soliqni budjetga hisoblab o‘tkazuvchi soliq to‘lovchilar zimmasiga tushsa, egri (bilvosita) soliqlarda esa soliq yuki soliqni to‘lovchilar emas, balki tovar (ish, xizmat) larni iste’mol qiluvchilar zimmasiga tushadi. Muayyan turdagi yuridik va jismoniy shaxslar bo‘yicha soliq yukini bir yilda budjetga to‘langan barcha majburiy to‘lovlar yig‘indisi bilan aniqlash mumkin. Soliq yukini ifodalashning bir qancha ko‘rinishlari mavjud: makrodarajadagi soliq yuki, mezodarajadagi soliq yuki va mikrodarajadagi soliq yuki. Soliq yuki makrodarajada ifodalanganda butun mamlakat miqyosida ifodalanib, asosiy ko‘rsatkich sifatida muayyan naqt oralig‘ida davlat budjetiga kelib tushgan soliqlar yig‘indisining ana shu vaqt oralig‘ida yaratilgan yalpi ichki mahsulot (YaIM) yoki milliy daromad (MD) ga nisbati olinadi. Mezodarajada ifodalanganda alohida olingan soha, tarmoq yoki sektorga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalansa, mikrodarajada esa aniq bir olingan sub’yektga to‘g‘ri keladigan soliq yuki ifodalanadi.

1.4. Soliqlarning funksiyalari va vazifalari.

Soliqlarning funksiyalari to‘g‘risida turli xil qarashlar mavjud. Sobiq sotsialistik mamlakatlar iqtisodchilari o‘rtasida soliqlar ikki funksiyani bajaradi, degan qarash keng tarqalgan edi. Bu ikki funksiya sifatida fiskal va nazorat funksiyalari tan olinardi. Ularning fikriga ko‘ra eng asosiy funksiya bu soliqlarning fiskal funksiyasidir, chunki busiz nazorat funksiyasining mavjud bo‘lishi mumkin emas.

Soliqlarning funksiyalari ularning mohiyatini amaliyotda harakat qilayotganligini ko‘rsatadi. Shunday ekan, funksiya doimo yashab, soliq mohiyatini ko‘rsatib turishi zarur. Bugun paydo bo‘lib ertaga yo‘q bo‘lib ketadigan holatlar soliq funksiyasi bo‘la olmaydi. Demak, funksiya kategoriyasi doimiy, qat’iy takrorlanib turadigan voqelikni ifodalaydi. Shunday uslubiy yondashishdan kelib chiqib soliqlar funksiyasini aniqlash kerak.

Soliqlarning funksiyalari masalasida katta bahslashuvlar mavjud, lekin yagona bir fikrga kelingan emas. Ko‘pchilik iqtisodchilar soliqlarga fiskal, boshqaruvchi, rag‘batlantiruvchi, nazorat funksiyalari xos deb ta’rif berishadi.

Fikrimizcha, soliqlarning quyidagi asosiy funksiyalarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir:

1. Soliqning fiskal funksiyasi;

2. Tartibga solish funksiyasi;

3. Rag‘batlantirish funksiyasi;

4. Soliqning nazorat funksiyasi;

5. Soliqni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funksiyasi.

1. Soliqlarning asosiy funksiyasi – fiskal funksiya hisoblanib (lotincha fiscus so‘zidan olingan bo‘lib, xazina degan ma’noni anglatadi), bu funksiyaning mohiyati shundan iboratki, soliqlar yordamida davlatning moliya resurslari hosil qilinadi hamda davlat faoliyat ko‘rsatishi uchun moddiy sharoit yaratiladi. Soliqlar orqali korxonalar va fuqarolar daromadining bir bo‘lagini davlat apparati, mamlakat mudofaasi, noishlab chiqarish sohasining umuman o‘z daromadlari manbaiga ega bo‘lmagan qismini (ko‘pgina madaniyat muassasalari, jumladan, kutubxonalar, arxivlar va boshqalar) yoki lozim darajada rivojlanishini ta’minlash uchun o‘zining mablag‘i yetishmaydigan tarmoqlarni (fundamental organ, teatrlar, muzeylar, ko‘plab o‘quv yurtlari va hokazo) saqlab turish maqsadida undirib olish yo‘li bilan davlat budjetining daromad qismini shakllantirish soliqlar fiskal funksiyasining eng muhim elementi hisoblanadi.

 

Soliqlarning ushbu funksiyasi orqali hosil bo‘ladigan pul resurslari davlat fondi (davlat budjeti) orqali qayta taqsimlanadi, ular ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga, ustuvor tarmoqlarni investitsiyalashga yo‘naltiriladi.

2. Bozor munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi sharoitida soliqlarning ikkinchi muhim funksiyasi ularning iqtisodiyotdagi tartibga soluvchilik roli hisoblanadi, ya’ni davlat soliqlar orqali tovarlar, xizmatlarni ishlab chiqarish va sotishning iqtisodiy shart-sharoitini tartibga soladi va bu bilan xalq xo‘jaligi tarmoqlarining iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish uchun muayyan «soliq muhiti»ni yaratadi. Ushbu funksiya orqali soliq tizimiga ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni muayyan tarmoqda ishlab chiqarish sur’atlarini rag‘batlantiradi yoki jilovlab turadi, sarmoyaning bir tarmoqdan soliq muhiti eng ma’qul bo‘lgan boshqa tarmoqqa qo‘yilishini kuchaytiradi yoki pasaytiradi, shuningdek aholining to‘lovga qobil talabini kengaytiradi yoki kamaytiradi.

Soliqlarning tartibga soluvchi sifatidagi funksiyasining ahamiyati bozor sharoitida o‘sib boradi, bu davrda tadbirkorlarni ma’muriy qaram qilish usullari yo‘q bo‘lib ketadi yoki juda oz holda qoladi, korxonalar faoliyatini farmoyishlar, ko‘rsatmalar va buyruqlar yordamida idora qilish huquqiga ega bo‘lgan «yuqori tashkilot» tushunchasining o‘zi asta-sekin yo‘qola boradi. Biroq iqtisodiy faollikni izga solib turish, uning rivojlanishini jamiyat uchun maqbul bo‘lgan yo‘nalishda rag‘batlantirish zarurati saqlanib qoladi.

3. Rag‘batlantirish funksiyasi soliq tizimining eng muhim funksiyalaridan biri bo‘lib, ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moddiy xom-ashyo resurslari, shuningdek moliyaviy va mehnat resurslari, jamg‘arilgan mol-mulkdan samarali foydalanishga rag‘batlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni soliq yukini kamaytirish orqali ishlab chiqarishni rivojlantirishga, moliyaviy ahvolni mustahkamlashga va investitsiya faoliyatini jonlantirishga rag‘batlantiradi. Soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi orqali davlat xalq xo‘jaligi taraqqiyotini rag‘batlantiradi, bu bilan fiskal funksiyani bajarish uchun bazani kengaytiradi, ishlab chiqarishni soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi orqali rag‘batlantirib, davlat oqilona soliq siyosatini olib borish bilan soliq yukini kuchaytirmasdan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning erkin faoliyat ko‘rsatishi ta’minlanadi.

4. Soliqlarning nazorat funksiyasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan, soliqqa tortish ob’yekti, soliqqa tortiladigan baza, imtiyozlar singari va hokazo tegishli soliq ko‘rsatkichlarining hisob-kitoblarini tekshirishdek ancha murakkab jarayondan iborat. Soliq hisobi soliq idoralariga belgilangan soliq hisobi shakllari orqali soliq to‘lovchilar o‘zlarining soliq majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini yanada samarali nazorat qilish imkonini beradi.

5. Soliqlarni hisoblash jarayonini axborot bilan ta’minlash funksiyasi ham muhim ahamiyat kasb etib, bu funksiya orqali xarajatlar hajmi va konkret soliqlar davlatning qanday ijtimoiy-iqtisodiy funksiyalarini bajarishga sarflanganligi to‘g‘risida axborot berib turilishi juda zarur. Shunday qilinsa, soliqlarning budjetga tushishi to‘liq, o‘z vaqtida va oson kechadi.

Biz soliq funksiyalarini qisqacha ko‘rib chiqishimiz soliqlar moliya resurslarini tiklash, xo‘jalik faoliyatini tartibga solish va daromadlarni ijtimoiy jihatdan ahamiyatli maqsadlar uchun qayta taqsimlash bo‘yicha muhim vazifalarni bajaradi deb xulosa chiqarishimiz uchun imkon beradi.

Soliqlar iqtisodiyotning tarixiy rivojlanishi bosqichlarida ushbu rivojlanish jarayonlarini ta’minlash maqsadiga bo‘ysunuvchi vazifalarni bajaradi. Soliqlarning funksiyalari esa ana shu vazifalarni bajarishga xizmat qiladi. Demak, soliqlarning funksiyalari, vazifalari bajarilishidan kelib chiqadimi yoki soliqlarning vazifalari funksiyalarining mavjudligidan kelib chiqib bajariladimi kabi aniqlash lozim bo‘lgan muammolar mavjud. Shunday ekan soliqlarning funksiyalari va vazifalari o‘rtasidagi aniq farqli jihatlarni o‘rganish va soliq munosabatlarini tashkil etish mobaynida bu chegaralarni asoslash muammosi mavjudligini qayd etib o‘tish lozim.

Soliqlar bajaradigan vazifalar ko‘pchilik mamlakatlarning soliq qonunchiligida umumiy o‘xshashliklarga ega. Ana shunday an’anaviy soliq vazifalariga quyidagilarni kiritish mumkin:

1. Umumdavlat vazifalarini hal qilish uchun davlatga zaruriy moliyaviy resurslar ta’minlab berish. Soliqlarning fiskallik funksiyasi ushbu vazifani hal qilish maqsadlariga xizmat qiladi. Bu vazifani hal qilish davlatning iqtisodiyotga qay darajada aralashuviga ko‘p jihatdan bog‘liq. Bu ko‘rsatkich qanchalik yuqori bo‘lsa, soliqlarning fiskallik funksiyasi shunchalik faol bo‘ladi. Ammo soliqlarning ushbu vazifasi faqat iqtisodiy jarayonlarni qamrab olmaydi, balki davlatning noishlab chiqarish xarajatlari ko‘payishi ham davlatning ortiqcha moliyaviy resurslarga muhtojligini keltirib chiqaradi.

2. Mamlakat iqtisodiyotida qulay investitsiya muhitini yaratishga ko‘maklashish. O‘zbekiston Respublikasida soliqlarning ushbu vazifasini bajarishi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, hozirgi kunda sarmoyalarning asosiy qismi savdo va xizmatlar sohasiga yo‘naltirilayotganligi tashvishli holdir. Buning asosiy sababi foyda normasining bu sohalarda kattaligidir. Soliqlar sarmoyalarni bevosita mahsulot ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirishning qudratli vositasi bo‘lishi kerak.

3. Aholining mehnat faolligini rag‘batlantirish. Soliqlar deyarli barcha mamlakatlarda ushbu vazifani bajaradi. Shunki ular aholi daromadlarini tartibga solishning muhim vositasi hisoblanadi. Daromadlardan olinadigan soliq stavkalarining eng yuqori chegarasini sezilarli darajada pasaytirish ishchi kuchining taklifi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olishi mumkin. 70—80 yillarda Shvetsiyada soliq stavkalarini aholi daromadlariga progressiv ravishda qo‘llash malakali ishchilarning boshqa mamlakatlar tomon migratsiyasiga olib kelgan.

4. Iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish maqsadida daromadlarni taqsimlashning samaradorlik va adolat prinsiplari o‘rtasidagi muvofiqlikka erishish. Amaldagi soliqlarga barqarorlik va moslanuvchan soliq stavkalarining xosligi soliqlarning uzoq muddatli vazifalarini amalga oshirishga zamin yaratadi. Milliy va xorijiy investorlar kapital qo‘yilmalarini amalga oshirar ekan, ular o‘zlarining soliq majburiyatlarini aniq bilishi kerak. Soliq turlari va stavkalari barqaror va tez-tez o‘zgarmaydigan bo‘lishi kerak. Soliq tizimiga mustahkam ishonch bo‘lmagan taqdirda uzoq muddatli investitsiyalarning harakati susayadi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, soliqlarning budjetga ijobiy ta’siridan tashqari, muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish sohasida ham ulardan faol foydalanish mumkin. Narx-navoning isloh qilinishi, tashqi savdoning erkinlashtirilishi, mehnat bozorining isloh qilinishi va hokazolar yangi paydo bo‘lgan tijorat tuzilmalarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash zaruratini yuzaga keltiradi. Bu vazifani soliq stavkalarini tabaqalashtirish yo‘li orqali hal etish mumkin.

Shunday qilib, soliqlarning vazifalari ularni amalga oshirish muddatiga qarab, qisqa muddatli, o‘rta va uzoq muddatli vazifalarga bo‘linadi. Bu vazifalar mazmuniga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Soliqlar nafaqat davlat budjetining tushumlariga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga balki davlat daromadlarini budjetning o‘rta muddatli rejada hayotiyligini yaxshilash maqsadida moslashuvchanligini amalga oshirishga ham xizmat qilishi mumkin.

1.5. Soliqqa tortish tamoyillari.

Soliq solish tamoyillari soliq munosabatlarini amaliyotda tashkil etish, soliq solish, uni undirish amaliyotining mazmunini ochib beradi5. Soliq solish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor asoslab bergan va unda:

– davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.

– har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.

– har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.

– har bir soliq shunday tarzda o‘rnatilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat budjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin, deb ta’kidlab o‘tilgan.

Hozirgi sharoitga tatbiqan olganda, soliq solish tizimining quyidagi tamoyillarini keltirib o‘tish mumkin:

Soliq solishning yetarlilik tamoyili. Soliq solishning yetarlilik tamoyiliga muvofiq soliq solish darajasi shunday bo‘lishi lozimki, u davlat intilayotgan xalq xo‘jaligi samaradorligiga erishishni kafolatlay olsin. Soliqqa tortish tizimi iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, mudofaa qobiliyati va boshqa sohalardagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya resurslari to‘planishini ta’minlashi lozim. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq stavkalari soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanmaydi, chunki soliq to‘lovchi soliq to‘lar ekan, davlat tomonidan bepul xizmatlardan bahramand bo‘lgani holda ayni chog‘da o‘zining ba’zi xarajatlarini qisqartiradi. Umuman olganda, yetarlilik tamoyili soliq siyosatini belgilayotganda uni davlatning qabul qilingan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati bilan qat’iy ravishda uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.

Soliq solishning tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish tamoyili. Soliq tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ishlab chiqarishini rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag» yo‘naltirish, ya’ni kapital jamg‘arish va shu yo‘l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi lozim.

Soliq solishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi, ya’ni qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg‘arish, investitsiyalash, yangi g‘oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko‘rinishlari bilan shug‘ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, progressiv (oshib boruvchi) soliq solishda bunday oqibatning rag‘batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.

Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko‘rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat budjeti daromadlarining o‘zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.

Soliq solishning adolatlilik tamoyili. Soliq solishning adolatlilik tamoyiliga muvofiq, soliqlar jamiyat tomonidan oqilona va adolatli deb tan olingan umumiy ob’yektiv qoidalarga binoan belgilanishi lozim. Adolatlilik tamoyili bir qancha asosiy guruhdagi soliq solish tamoyillariga bo‘linadi. Bularni ikki guruhga bo‘lgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda gorizontal va vertikal adolatni bir-biridan farqlash lozim. Gorizontal adolat tamoyili daromad olishning turli sharoitlarida soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq solishning taxminan teng shartlarini qo‘llashni ko‘zda tutadi.

Vertikal adolat deganda xo‘jalik yuritishning birmuncha og‘ir sharoitlarida ishlayotgan sub’yektlar uchun soliq solishning bir qadar yumshoqroq shartlarini, yengil daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan sub’yektlar uchun esa og‘irroq shartlarni qo‘llash tushuniladi. Soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasini bajarish doirasida ikkinchi tamoyil buzilishi mumkin. Masalan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida ularni ishlab chiqarish bo‘yicha soliq solishda bir qadar imtiyozli shartlar yoki, aksincha, vino-aroq va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash uchun ulardan olinadigan egri soliqlarning yuqori stavkalari belgilangan hollar ham bo‘ladi.

 

Soliq solishning oddiylik va xolislik tamoyili. Bu tamoyil soliq solish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmunini soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funksiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.

Soliq solishning boshqarishga qulaylik tamoyili. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka erishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq.

Ayrim mamlakatlarda soliq solishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p bo‘ladi. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funksiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi.

Soliq solishning soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish tamoyili. Ushbu tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliq solish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llash orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliq solish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan.

Soliq solishning soliq stavkalarini qiyoslash tamoyili. Soliq stavkalari boshqa davlatlardagi xuddi shunday soliqlarning stavkalari bilan qiyoslanishi, ya’ni mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda boshqa mamlakatlar bilan teng bo‘lgan xo‘jalik faoliyati shart-sharoitlari vujudga keltirilishi lozim. Agar qattiq shartlar belgilab qo‘yilgudek bo‘lsa, bu hol respublika iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni mushkullashtirib yuboradi, aksincha, yengil sharoit yaratilsa, mamlakat budjetiga salbiy ta’sir qiladi.

Soliq solish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni hayotga to‘liq tatbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.

O«zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi.

1.6. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi va uning rivojlanish bosqichlari.

Soliqlarni undirish – eng qadimgi vazifalardan va davlatchilik mavjudligining asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shuningdek soliq tizimi ko‘p jihatdan mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning samaradorligini va uning raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda soliq solish sohasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, soliq yuki pasaytirildi, yangi Soliq kodeksi qabul qilindi, soliq solish tizimi soddalashtirildi, soliq ma’muriyatchiligi takomillashtirildi. Soliq yukini izchillik bilan kamaytirish O‘zbekiston Respublikasining 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishga imkon berdi6. Hozirgi vaqtda respublikamiz ishbilarmonlik muhiti holatining soliq yuki darajasi va soliq stavkalari singari ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘p mamlakatlardan ilgarilab ketgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda soliq tekshiruvlari soni boshqa ko‘plab davlatlardagidan ancha kamdir. Bularning barchasi O‘zbekistonda iqtisodiyotni tezkor rivojlantirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilashning muhim shartlari hisoblanadi.

O«zbekiston mustaqillikka erishganidan boshlab davlat qurilishi, mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy siyosat o‘tkazish, suverenitetini mustahkamlash uchun mablag‘ga ehtiyoj sezgan. Faqat o‘z kuchiga suyanishiga to‘g‘ri kelgan. Sobiq Ittifoq davlatining 70 yildan ortiq vaqt amal qilgan budjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash tizimi barbod bo‘lib, moliyaviy resurslarga ehtiyojni milliy manbalar hisobiga ta’minlash zarurati yuzaga kelgan. 1991 va 1992 yillarda davlat budjeti kamomadi 50 foizgacha miqdorni tashkil etgan.

Ma’muriy-rejali boshqaruvda aslida soliq tizimi mavjud bo‘lmagan. Davlat barcha asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar: ish haqi, ishlab chiqarish hajmlari, narxlar, foyda darajasini qat’iy nazorat ostiga olganligi sababli xo‘jalik faoliyatini tartibga solishning soliq dastaklariga ehtiyoj sezmagan. Tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha belgilanadigan mavjud majburiy to‘lovlar (daromad, qishloq xo‘jaligi, inshootlarga va boshqalar) xo‘jalik mexanizmining markazlashtirilgan tizimiga kiritilgan va o‘ziga xos vazifalarni bajarar edi.

Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda soliq qonunchiligiga «nol”dan asos solishga, faoliyat yurituvchi soliq organlarini tashkil etish, soliq to‘lovchilar deb atalmish hamjamiyatni o‘qitish va shakllantirishga to‘g‘ri keldi. Bularning bari ijtimoiy hayotda keskin o‘zgarishlar yuz berishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun soliqlar kelib tushishini majburiy ta’minlash sharoitida amalga oshirildi.

O«zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritishi bilan soliq tizimi shakllantirila boshladi. Davlatchilikni o‘rnatish sharoitida soliqlarni undirishning ahamiyati juda katta – yosh suveren davlatning taqdiri ko‘p jihatdan ushbu vazifa samarali hal etilishiga bog‘liq bo‘ladi. Juda qisqa davr ichida ikkita vazifani birdaniga bajarishga to‘g‘ri kelgan. Birinchidan, navqiron davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitlariga mos keluvchi soliq tizimini shakllantirish, zarur huquqiy hujjatlarni qabul qilish. Ikkinchidan, soliq ma’muriyatchiligining tegishli tizimini yaratish.

Mustaqil davlatni tarkib toptirish va rivojlantirishning barcha bosqichlarida soliq tizimi budjetga zarur moliyaviy mablag‘larning kelib tushishi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning ta’minlanishi bo‘yicha oldida turgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan hal qilib kelgan bo‘lsada, mazkur sohada bir maromda iqtisodiy o‘sishga, ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligi zaruriy darajasini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar borligini ko‘rsatdi. Mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan soliq yukini kamaytirish va soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish vazifalarini amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Shulardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyaviy jozibadorligi va davlat budjetining daromad qismi muntazam o‘sishini rag‘batlantiruvchi zamonaviy soliq tizimini yaratilishiga sabab bo‘ldi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimini yangi bosqichga ko‘tarilishiga olib keldi.

5Jo‘raev A., Toshmatov Sh., Abduraxmonov O. Soliqlar va soliqqa tortish. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: Norma. 2009. 12-17-bet
6O«zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 4947-sonli farmoni.