Lugege ainult LitRes'is

Raamatut ei saa failina alla laadida, kuid seda saab lugeda meie rakenduses või veebis.

Loe raamatut: «Дюймчахон. Сандиқ-самолёт. Йўлдош ўртоқ»

Font:

DYUYMCHAXON

Qadim zamonda bir ayol yashar ekan. Uning farzandi yo‘q, lekin farzandi bo‘lishini judayam orzu qilar ekan. Bir kuni u sehrgar kampirning huzuriga borib shunday debdi:

– Men bir qizalog‘im bo‘lishini juda-juda istayman, u jimitday kichkinagina bo‘lsayam mayliga!

– Bundan osoni yo‘q! – deb javob beribdi sehrgar kampir. – Manavi arpa donini ol. Bu sizlarning dalangizda o‘sadigan, parrandalarga beriladigan oddiy donlardan emas. Buni eltib gultuvakka ekib qo‘y. Nima bo‘lishini keyin ko‘rasan.

– Rahmat senga! – debdi ayol unga o‘n ikki chaqa berib.

So‘ng u uyiga kelib, arpa donini gultuvakka ekib qo‘yibdi.

Gultuvakka suv quyishi bilanoq maysa unib chiqibdi. Tuproqdan ikkita nafis barg va nozik poya bosh ko‘taribdi. Poyada esa lolaga o‘xshash kattagina g‘aroyib gul paydo bo‘libdi. Biroq hali uning gulbarglari qattiq tugilgan, g‘unchasi ochilmagan ekan.

– Naqadar chiroyli gul! – deya ayol uning rangin barglaridan o‘pib qo‘yibdi.

Xuddi shu lahzada g‘uncha ichida nimadir qimirlagandek bo‘libdi va u ochilibdi. Bu chindan ham kattakon lola bo‘lib, faqat uning gulkosasida tirik bir qizaloq o‘tirgan emish. U judayam kichkina bo‘lib, bo‘yi atigi bir dyuym1 kelar ekan, xolos. Shuning uchun ham ayol uning nomini Dyuymchaxon deb atabdi.

Chiroyli loklangan yong‘oq po‘chog‘idan Dyuymchaxonga belanchak qilib beribdi. Parqu to‘shak o‘rniga bir necha binafsha to‘shab, atirgulning gulbargini ko‘rpa qilib beribdi. Kechasi ana shu belanchakda yotar, kunduzlari esa stol ustida o‘ynab yurar ekan.

Ayol stol o‘rtasiga suv solingan chuqurgina likopcha qo‘yib, uning chetiga gullar terib chiqibdi. Ularning uzun novdalari suvga cho‘mib turar, shuning uchun bu gullar anchagacha so‘lib qolmay, atir taratib turaverar ekan.

Jajjigina Dyuymchaxonga bu suvli likopcha butun boshli dengiz bo‘lib tuyular, bu dengizda u lola gulbargiga minib olganicha xuddi qayiqdagidek suzib yurar ekan. Eshkak o‘rniga u ikkita oppoq ot tolasidan foydalanar ekan. Dyuymchaxon kun bo‘yi o‘zining ana shu g‘aroyib qayiqchasida qo‘shiqlar kuylaganicha likopchaning u tomonidan bu tomoniga suzib o‘tar ekan. Uning ovozidek nafis ovozni hali hech kim eshitmagan ekan.

Dyuymchaxon o‘z belanchagida uxlab yotgan kechalarning birida lang ochiq derazadan xonaga kattakon, qari, shilimshiq va badbashara bir baqa kirib kelibdi. U deraza tokchasidan stol ustiga sakrab tushibdi va atirgul gulbargi ostida yotgan Dyuymchaxonning belanchagiga baqrayibdi.

– Buncha yaxshi! – debdi bu qari baqa. – O‘g‘limga munosib xotin topilib qoldi.

U qizaloq yotgan yong‘oq po‘chog‘ini changallab olibdi-da, derazadan bog‘ga sakrabdi.

Bog‘ yonidan anhor oqib o‘tar, uning shundoq qirg‘og‘ida bir botqoqlik bor ekan. Ana shu yerda, qurbaqasallalar og‘ushida qari baqa o‘z o‘g‘li bilan yashar ekan. O‘g‘li ham xuddi onasidek – shilimshiq va badbashara ekan!

– Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! – deya olibdi xolos u yong‘oq po‘chog‘i ichida yotgan jajji qizaloqni ko‘rib.

– Ovozingni o‘chir! Mabodo uni uyg‘otib yuborsang, qochib ketadi, – debdi qari baqa. – Axir u pardan ham yengil-da. Yaxshisi, uni anhor o‘rtasiga olib borib, nilufar bargiga o‘tqazib qo‘yamiz, jimitday bu qizaloq uchun nilufar bargi butun boshli orolga teng keladi. U yerdan sirayam qochib ketolmaydi. Bu orada men ikkalangizga qurbaqasallalardan ajoyib in yasab beraman.

Anhorda ko‘plab nilufarlar o‘sib yotar ekan. Ularning shapaloq-shapaloq yam-yashil barglari suvda suzib yurar ekan. Eng katta barg esa qirg‘oqdan juda olisda ekan! Baqa ana shu barg tomon suzib boribdi-da, uning ustiga qizaloq uxlab yotgan yong‘oq po‘chog‘ini qo‘yibdi.

Ertalab uyg‘onganida sho‘rlik Dyuymchaxonning qanchalar qo‘rqib ketganini ko‘rsangiz! Qo‘rqmay ham bo‘ladimi? Uning hamma tomonini suv qurshab olgan, qirg‘oq esa olisdan elas-elas ko‘rinar ekan. Dyuymchaxon qo‘llari bilan ko‘zlarini bekitib olganicha achchiq-achchiq yig‘labdi.

Qari baqa esa yo‘sinlar ustiga o‘tirib olganicha, o‘z uyini qamish va sarg‘aygan nilufarlar bilan bezatar, bu bilan o‘zining yosh keliniga yoqmoqchi ekan. Hammasi tayyor bo‘lgach, u irkit o‘g‘li bilan Dyuymchaxon o‘tirgan barg yoniga suzib kelibdi, ularning niyati qizaloqni karavotga o‘tqazib, o‘z uylariga olib ketish ekan.

Qari baqa qizning shundoq qarshisida suvga shalpayib olganicha shirin jilmayib debdi:

– Mana bu – mening o‘g‘ilcham! U sening ering bo‘ladi! Ikkalangiz biznikida, qurbaqasallalar og‘ushida maza qilib yashaysizlar.

– Vaq-vaq, vaq-vaq, vaqa-vaqa-vaq-vaq! – deya olibdi xolos uning o‘g‘ilchasi.

Baqalar po‘choqni olgancha suzib ketishibdi. Dyuymchaxon anhorning o‘rtasida, kattakon nilufar bargining ustida yolg‘iz qolganicha, achchiq-achchiq ko‘z yosh to‘kibdi – axir, u bu irkit baqanikida yashashni, uning qo‘lansa o‘g‘liga erga tegishni sirayam istamas ekan-da.

Suv ostida suzib yurgan baliqchalar qari baqa aytgan gaplarni eshitishibdi. Kuyov va uning onasini ular avval ham ko‘rishgan ekan. Endilikda esa kelinning qandayligini ko‘rish uchun suvdan boshlarini chiqazishibdi.

Dum-dumaloq ko‘zlari bilan Dyuymchaxonga nazar tashlagan bu baliqchalar darhol suvning eng tubiga sho‘ng‘ib, endilikda nima chora ko‘rish lozimligi haqida o‘ylay boshlashibdi. Ana shunday ko‘hlikkina, kichikkina bir qizaloqning suvdagi bir to‘nka ostida, quyuq yo‘sin-u qurbaqasallalar og‘ushida anavi qo‘lansa baqalar bilan birga yashashi baliqchalar uchun o‘ta achinarli bir hol ekan. Bu insofdan emas-ku, axir! Butun anhordagi baliqchalar Dyuymchaxon o‘tirgan nilufar yoniga yig‘ilib kelib, bargning bandini g‘ajib tashlashibdi.

Mana, oqibatda nilufar bargi oqim bo‘ylab suzib ketibdi. Oqim juda tez bo‘lib, barg shitob bilan ilgarilab borar ekan. Endi qari baqa ming urinsa ham Dyuymchaxonni quvib yetolmas ekan.

Dyuymchaxon suzgandan suzib boraveribdi, butalarga qo‘nib olgan qushchalar uni ko‘rib kuylay boshlashibdi:

– Qanchalar ko‘hlikkina, kichikkina qizaloq!

Yengilgina oq kapalak Dyuymchaxon boshi uzra aylana-aylana nihoyat nilufar bargiga qo‘nibdi – chunki bu jajjigina sayohatchi qizaloq unga judayam yoqib qolgan ekan.

Dyuymchaxon esa o‘z ipak kamarini yechib, bir uchini kapalak ustiga tashlabdi, ikkinchisini bargga bog‘labdi, shunda barg yanada jadalroq suzib ketibdi. Shu payt uning yonidan may qo‘ng‘izi uchib o‘tibdi. U Dyuymchaxonni ko‘rib qolib, uni changallaganicha daraxt tomon uchib ketibdi. Qizaloqsiz qolgan nilufar bargi va u bilan birga kapalak ham tez orada ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi, chunki kapalak nilufar bargiga ipak kamar bilan mahkam bog‘lab qo‘yilgan ekan-da.

Mo‘ylovdor qo‘ng‘iz arrador oyoqlari orasiga siqib olib, osmon-u falakka ko‘tarilganida sho‘rlik Dyuymchaxon qanchalik qo‘rqib ketganini ko‘rsangiz! U oq kapalakka ham qattiq achinibdi. Endi uning ahvoli nima kecharkin? Agar u qutulib keta olmasa, ochlikdan halok bo‘ladi-ku!

May qo‘ng‘izining esa parvoyi palak ekan. U kattakon bir daraxtning shoxiga qo‘nib, yoniga Dyuymchaxonni ham o‘tqazibdi-da, unga, garchi sen may qo‘ng‘izlariga o‘xshamasang-da, menga juda yoqib qolding, debdi.

So‘ng shu daraxtda yashaydigan boshqa may qo‘ng‘izlari ularnikiga mehmonga kelishibdi. Ular Dyuymchaxonni qiziqib tomosha qilishibdi, ularning qizaloqlari esa hayrat bilan uning qanotlarini ko‘tarib ko‘rishibdi.

– Uning atigi ikkitagina oyog‘i bor ekan! – debdi ulardan biri.

– Uning hatto mo‘ylovi ham yo‘q ekan! – debdi boshqalari.

– U naqadar zaif, ozg‘in! Puf desang belidan sinib ketadi, – debdi yana boshqa birlari.

– Odamzotga juda o‘xshab ketarkan-u, biroq ancha xunuk ekan, – degan xulosaga kelishibdi barcha qo‘ng‘izlar.

Hatto Dyuymchaxonni ko‘tarib kelgan may qo‘ng‘izining o‘ziga ham endilikda u xunuk ko‘rina boshlabdi va undan ajramoqchi bo‘libdi – qayoqqa ketsa ketaversin. U Dyuymchaxonni pastga olib tushib, moychechak ustiga o‘tqazib qo‘yibdi.

O‘zining bu qadar xunukligi alam qilib, Dyuymchaxon gul ustiga o‘tirganicha rosa yig‘labdi. Hatto may qo‘ng‘izlari ham uni quvib yuborishdi-ya!

Aslida esa u judayam yoqimtoy bo‘lib, dunyoda undan-da ko‘hlikroq qizaloqni topib bo‘lmas ekan.

Dyuymchaxon butun yoz bo‘yi kattakon o‘rmonda toq-tanho yashabdi. U o‘ziga o‘t-o‘lanlardan belanchak to‘qib olibdi va yog‘in-sochindan, quyosh taftidan panalash uchun uni qariqizning kattakon bargi ostiga osib qo‘yibdi. U har kuni gullar asalidan yeb, har ertalab yaproqlarga ingan shabnamdan ichib yuraveribdi.

Yoz shu tariqa o‘tib bo‘lib, kuz ham kirib kelibdi. Uzundan-uzoq qahraton qish nafasi sezila boshlabdi. Qushlar uchib ketishibdi, gullar so‘libdi, ostida Dyuymchaxon yashaydigan qariqiz bargi ham sarg‘ayib, qovjirabdi va quvurchadek buralib qolibdi.

Sovuq Dyuymchaxonning jon-jonidan o‘tib ketibdi. Ko‘ylakchasining julduri chiqibdi, jajjigina, nozikkina qizaloq bunaqada sovqotmaydimi, axir! Qor ham yog‘a boshlabdi, Dyuymchaxon uchun har bir qor zarrasi bizning bir belkurak qorimizga teng ekan. Biz-ku katta odamlarmiz, uning esa bor bo‘y-basti atigi bir dyuym ekan. U quruq yaproqlardan biriga o‘ranibdi, lekin bundan badani isimabdi, sho‘rlik shamolda tebranayotgan kuzgi barg kabi qalt-qalt titrar ekan.

Shunda Dyuymchaxon bu o‘rmonni tark etib, o‘ziga qishlik boshpana topmoqchi bo‘libdi.

U yashayotgan o‘rmon ortida kattakon dala bor ekan. Undagi g‘allani allaqachon yig‘ib olishgan, faqat muzlagan tuproqda quruq xas-xashaklar dikkayib turarkan, xolos.

Dala o‘rmondan ham sovuqroq ekan, qovjirab qolgan dag‘al somonpoyalar orasiga yetib olguncha Dyuymchaxon qotib qolibdi.

Nihoyat, u dala sichqonining iniga yetib olibdi. Inning og‘zi o‘t-o‘lan, xas-xashak ila hafsala bilan bekitilgan ekan.

Dala sichqoni iliqqina joyda to‘q-farovon yashar: oshxona va ombori don bilan liq to‘la ekan. Dyuymchaxon xuddi tilanchi kabi uning ini bo‘sag‘asida to‘xtab qolibdi va hech bo‘lmasa bir bo‘lak arpa doni berishlarini o‘tinib so‘rabdi – axir u ikki kundan beri tuz totmagan ekan-da.

– Voy sho‘rlikkina! – debdi dala sichqoni (chindan ham u saxiy kampir ekan). – Qani beri kel-chi, qani mundoq isinib, men bilan birga tamaddi qilib ol!

Dyuymchaxon inga tushib, isinib, ovqatlanib olibdi.

– Sen menga yoqib qolding, – debdi unga sichqon munchoq kabi yaltirab turgan qop-qora ko‘zchalarini tikib. – Qish ichi menikida qola qol. Men seni boqaman, sen esa uyimga bamaylixotir joylashib olib, menga ertaklar aytib berasan – men ularni o‘lguday yaxshi ko‘raman.


Xullas, Dyuymchaxon shu yerda qolibdi.

U qari sichqon buyurgan barcha yumushlarni ado etar, bu issiqqina ovloq inda harholda yomon yashamas ekan.

– Yaqinda biznikiga mehmon keladi, – debdi kunlarning birida dala sichqoni. – Haftada bir bor men qo‘shnimni yo‘qlab boraman. U juda badavlat, mendan ancha yaxshi yashaydi. Uning yer ostida kattakon uyi bor, o‘zi shunaqangi po‘stin kiyib yuradiki, bunaqasini sen umringda ham ko‘rmagan bo‘lsang kerak, ajoyib qop-qora po‘stin! Qizaloq, sen unga tega qol! Pichog‘ing moy ustida bo‘ladi! Attangki, u ko‘r, sening ko‘hlikkina husningni tomosha qila olmaydi. Lekin evaziga sen o‘zing bilgan eng yaxshi ertaklaringni aytib berasan.

Biroq Dyuymchaxon bu boy qo‘shniga turmushga chiqishni sirayam xohlamas, chunki bu badqovoq yer osti fuqarosi – ko‘rsichqon ekan.

Chindan ham ko‘p o‘tmay bu qo‘shni ularnikiga mehmon bo‘lib kelibdi.

Haqiqatan ham u qora baxmaldan judayam ajoyib po‘stin kiyib olgan ekan. Buning ustiga, dala sichqonining aytishicha, u o‘qimishli va juda boy bo‘lib, uyi oddiy sichqonlarnikidan yigirma barobar katta ekan. Biroq uning quyoshga aslo toqati yo‘q, barcha gullarni so‘kkani-so‘kkan ekan. Buning ajablanarli joyi yo‘q! Axir u umrida hech qachon birorta gulni ham ko‘rmagan ekan-da.

Mezbon sichqon Dyuymchaxonga muhtaram mehmon uchun qo‘shiq kuylab berishni buyuribdi, qizaloq istar-istamas ikkita qo‘shiq aytibdi, shunaqangi jozibali kuylabdiki, ko‘rsichqon bundan jo‘shib ketibdi. Biroq hech narsa demabdi – u shundoq takabbur, dimog‘dor, kamgap ekan…

Bu mehmondorchilikdan so‘ng ko‘rsichqon o‘z uyidan dala sichqonining inigacha yer osti yo‘lagi kavlabdi va kampir bilan uning tutingan qizini bu yer osti lahmi bo‘ylab sayrga taklif etibdi.

U tumshug‘iga bir bo‘lak chirindi tishlab olibdida, yo‘lni yoritganicha oldinga tushibdi, chunki bu chirindi zulmatni xuddi shamdek yoritib turar ekan.

Yo‘l yarimlaganda ko‘rsichqon to‘xtab bunday debdi:

– Bu yerda qandaydir bir qush yotibdi. Lekin bizning undan qo‘rqadigan joyimiz yo‘q – u o‘lib qolgan. Buni o‘zlaringiz ham ko‘rishlaringiz mumkin.

Ko‘rsichqon o‘zining yapasqi tumshug‘i bilan to tuynuk hosil bo‘lmaguncha yo‘lak shiftini kurayveribdi. Yo‘lakka kunduzgi yorug‘lik tushibdi va Dyuymchaxon tepada o‘lib yotgan qaldirg‘ochni ko‘ribdi.

Sho‘rlik qaldirg‘och ehtimol sovuqdan halok bo‘lgandir. U qanotlarini tanasiga qattiq siqib, bosh va oyoqlarini patlari ichiga tiqib olgan ekan.

Dyuymchaxon unga qattiq achinibdi. U bu sho‘x, uchag‘on qushlarni juda yaxshi ko‘rar, chunki ular yoz bo‘yi qizaloqqa ajoyib qo‘shiqlar aytib berishgan, uning o‘zini ham kuylashga o‘rgatishgan ekanda. Biroq ko‘rsichqon o‘zining kalta panjalari bilan qaldirg‘ochni turtganicha javrabdi:

– Ha, daming o‘chib qoldimi? Hushtakvozliging tugadimi? Ana shunaqa bo‘ladi!.. Men bunday notavon qushcha bo‘lishni istamagan bo‘lardim. Havoda chirpirab yurib vijirlashdan boshqasini bilmaydi. Qish kelsa, holi ne kechadi? O‘ladi-qoladi. Yo‘q, mening bolalarim qishning sovug‘ida ochyalang‘och o‘lib ketadigan bo‘lmaydi.

– Haqqast rost, – debdi dala sichqoni. – Behuda vijir-vijir qilishdan ne foyda? Qo‘shiq bilan qorning to‘yib, vijirlashdan taning ilib qolmaydi-ku, axir!

Dyuymchaxon sukut saqlabdi. Ammo ko‘rsichqon va dala sichqoni qushga orqa o‘girishi bilan u darhol qaldirg‘och tomon egilib, patlarini yiribdi-da, uning yumuq ko‘zlaridan o‘pib qo‘yibdi.

“Ehtimol, bu yoz bo‘yi yoqimli qo‘shiqlar aytgan o‘sha qaldirg‘ochdir, – deb o‘ylabdi u. – Menga qancha-qancha shodliklar baxsh etgan eding, aziz qaldirg‘ochginam!”

Shu payt ko‘rsichqon shiftdagi tuynukni tag‘in bekitib qo‘yibdi. So‘ng chirindini tishlab olganicha qari sichqon va Dyuymchaxonni o‘z uyiga boshlab boribdi.

Dyuymchaxon kechasi uxlay olmabdi. O‘rnidan turib, quruq xashaklardan kattakon gilam to‘qibdi va yer osti yo‘lagiga tushib borganicha o‘lik qaldirg‘ochning ustini gilam bilan yopib qo‘yibdi. So‘ng u dala sichqonining omboridan iliqqina pat, qup-quruq momiq topib, muzlab yotgan tuproq badaniga botmasligi va sovuq qotmasligi uchun qaldirg‘ochga uyasimon bir joy hozirlabdi.

– Alvido, aziz qaldirg‘ochginam, – debdi Dyuymchaxon. – Alvido! Daraxtlar yashnab turgan, quyosh saxovat bilan qizdirgan paytlarda, yozda menga aytgan g‘aroyib qo‘shiqlaring uchun rahmat senga.

Shunday deya u qushcha ko‘ksidagi ipakdek mayin patlarga bosh qo‘yibdi.

Qo‘qqisdan u qaldirg‘och ko‘ksida nimadir bir maromda “Duk-duk! Duk-duk!” urib turganini eshitib qolibdi. Avval sekin eshitilgan bu tovush tobora ko‘tarila boribdi. Bu qaldirg‘ochning urib turgan yuragi ekan. U o‘lmagan, faqat qattiq sovuqdan karaxt bo‘lib qolgan ekan, endi esa tanasi ilib, unga jon kiribdi.

1.Dyuym – (25,5 mm).

Tasuta katkend on lõppenud.

Žanrid ja sildid

Vanusepiirang:
0+
Ilmumiskuupäev Litres'is:
25 oktoober 2023
Objętość:
4 lk 7 illustratsiooni
ISBN:
978-9943-27-836-3
Õiguste omanik:
Kitobxon

Selle raamatuga loetakse