Loe raamatut: «730 kun»

Font:

UMRINING HAR BIR KUNI O‘N YILGA

CHO‘ZILGANLAR HAQIDAGI KITOB

Assalomu alaykum, qadrdonim Ilyosxon!

Xotiralaringizni o‘qib chiqdim. Kundaliklaringiz ichida yashadim, ochig‘i, o‘zimning boshimdan o‘tkazgan, ularga aynan o‘xshab ketadigan voqealar girdobiga tushib qoldim. Avvalo shuni aytay, Siz yuborgan zahotingizoq esse-romanni o‘qib chiqqan edim, ha, ishonavering, bir yarim kunda mutolaa qildim. Men asaringiz ichiga “singib” ketdim. Anchagacha Sizga hech narsa demadim. Siz mendan xafa ham bo‘lgandirsiz, ehtimol, biror og‘iz fikr aytish shuncha qiyinmikin, deb.

Mening hayratimni oshirgan narsa, eng avvalo, yozganlaringiz juda ravon va samimiy, yumor va og‘riqlar qorishib ketganligi, badiiy ifodaning ham rangin va yorqinligi edi. Bu mavzuda uncha-muncha yozuvchi shu taxlitda yozolmasligini bilganim uchun ham boshida biroz shubha bilan qaradim. Chunki, “Afg‘on mavzusi”da bilsa-bilmasa u-bu narsa qoralab, odamlarning e’tiborini tortish uchun yolg‘on-yashiqlarni yozib, ketma-ket kitoblar chiqarib, buning ortidan pul va obro‘ topaman, degan aksariyat tumtoqqalam va uyatsiz (uzr, boshqa so‘z topolmadim) kimsalarning qoralamalarini o‘qib, yuzimdan jonim chiqar darajada ter ko‘pchir, uyalib va jirkaniblar ketardim. Chunki, ularning ba’zi to‘qimalaridan ko‘nglim aynir, qo‘ling singur, inson qadri va qalbi bilan shuncha hazillashasanmi, urush haqida yolg‘on yozib bo‘lmaydi-ku, urush eng avvalo Insonning yuragini yaralaydi, o‘chmas jarohat va og‘riq soladi, urushda bo‘lgan odam urushdan qaytib kelmaydi, qaytib kelsa ham urushni o‘zi bilan birga olib keladi, yuragida qamab yashaydi-ku, degan o‘ylar azob beradi.

To‘g‘ri, urushda bo‘lgan odamning hammasi ham urush haqida yozavermaydi, bunga majbur ham emas. Axir, yozish qobiliyati hammaga ham berilmagan. Bu ayb emas. Yozuvchilik yuqmagan ekan, yozmaslik ayb emas, lekin qalam tebratishga iqtidoring bo‘lmasa ham, yozuvchilik yuqmagan bo‘lsa ham, urush mavzusini “o‘yin” qilib yozishing ayb.

Eh-he, ayrimlarni bilaman, urush nimaligini his qilmay, urushni ko‘rmay turib taxlam-taxlam nimarsalarni yozib, o‘zlaricha kitob chiqarishmoqda. Baraka topgur, odamlarni aldama, boshqa yo‘ldan yura qol, bu uyat, urush haqida yozish uchun hech narsani bo‘rttirma, faqat yuragingga quloq sol, o‘zi aytib turadi, yozaverasan, degim keladi.

Shu o‘rinda bir gapni aytay, ulug‘ ustozimiz O‘tkir Hoshimov “Tushda kechgan umrlar” romanini yozguncha yuzlab “afg‘onchi”lar bilan gaplashgandilar. Hatto menga ham romanning qo‘lyozmasini o‘qib chiqishga bergandilar. Asarda tasvirlangan har bir voqea, har bir detal haqida o‘sha yoqda bo‘lib qaytgan jangchilardan qayta-qayta so‘rab, ishonch hosil qilgach, nashrga bergandilar. Shunday ulkan yozuvchi bu mavzuda yozish osonmasligi, urush haqida yozayotib xato qilish urushda xato qilgandan ham yomon ekanligini his qilgandilar. Shuning uchun ham u kishining romani inson qalbi og‘riqlari, urush azoblarini mukammal ifoda etgan asarlar sirasiga kiradi.

Ilyosxon, qadrdonim! Siz bu qo‘lyozmangizni bemalol kitob qiling. Ishonaman, barcha quroldoshlarimizning xotirasida ko‘p voqealar qayta jonlanadi, balki bu biroz og‘riqli kechar. Lekin, afg‘on urushi ishtirokchisi bo‘lgan 18-20 yoshdagi yigitlarning, urushning har bir kunida umri o‘n yilga uzaygan, shu yoshida keksayib qolgan, urushdan qarib-qartayib, bu hayotda tiriklikning o‘zi bir ne’mat ekanligini his qilib qaytgan va bugun ham shunday o‘y bilan yashayotgan qismatdoshlaringizning qalbiga taskin bo‘lsa ne ajab.

Men qo‘lyozmadagi voqea-hodisalarni sharhlab, gapni maydalab o‘tirmadim. Munaqqid emasman, yozuvchiman. Yozuvchi sifatida aytamanki, kitobingiz o‘z o‘quvchisini topadi. Nasib qilsa, uni birinchi bo‘lib o‘zim sotib olaman. Omon bo‘ling!

Hurmat bilan,

Qo‘chqor NORQOBIL

Ushbu kitobni padari buzrukvorim G‘iyos hoji Abduazizxon o‘g‘li xotiralariga hamda ayajonim Sagida hoji Abdulhaq qiziga bag‘ishlayman.

Muallif

730 kun. Afg‘oniston

Muqaddima. Safarbarlik

Alloh tomonidan insonga berilgan eng ulug‘ ne’mat nima ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘qmi?! Men esa bu haqda bosh qotirib ko‘rganman. To‘g‘rirog‘i, qatnashish qismatimda bitilgan “Afg‘on urushi” deb atalgan mash’um urushda kechgan hayot-mamot orasidagi kunlarimning har daqiqasi menga bu savolni ro‘baru qo‘ygan. Aytsam ishonmassiz, lekin o‘shanda ayni o‘n sakkizdan o‘n to‘qqizga o‘tgan paytlarim edi. Eng ulug‘ ne’mat bu -bizga berilgan HAYOT! Uni qanday yashashimiz,qanday sarf etishimiz esa har birimizning o‘zimizga bog‘liq deb o‘ylayman. Lekin, har doim ham bunday emasday. Hayot so‘qmoqlari gohida bizni o‘zimiz istamagan taraflarga ham chunonam chirpirak qilib olib ketadiki, aql bilan qarasangiz, ular almisoqda bitilgan taqdir yozug‘imiz harflaridagi zeru zabarlari, ilmoqchalari ekanligiga iymon keltirishdan boshqa ilojingiz qolmaydi…

Chirchiq tank poligoni. Ajdodlarimiz asrlar davomida qo‘sh haydab g‘alla ekib, ardoqlab kelgan bepoyon qirliklar. Qudratli mashinalar oyog‘i ostida ezg‘ilanib charchagan, mehribon dehqonini sog‘ingan dala. Oyoq ostidagi bilqillagan tuproqning himoga mahtal zarralari kichik harakatda ham, ona yer faryodi yanglig‘ ko‘kka o‘rlaydi.

Bu yerdagi uch mingga yaqin askarlarning hammasi, sobiq Sovet Ittifoqining barcha hududlaridagi harbiy okruglardan, “afg‘on” urushiga yuborish uchun, Turkiston harbiy okrugiga yordam tariqasida, “K – 20 A” tamg‘asi bilan jo‘natilgan va shu yerda to‘plangan edi. Tartibsiz qurib tashlangan palatkalar shoshma-shosharlik bilan tiklanganmidi yoki afg‘on sharoitiga sal bo‘lsa ham ko‘zimizni qotirish maqsadida maxsus qilinganmidi, aytish qiyin. Noyabr oyi boshlangan bo‘lsa-da kun issiq. Bosh tiqishga-da soya topmoqlikni iloji yo‘q. Ertalabki nonushtaga boramiz, deb yo‘lga chiqib, navbat kutib palatkadan yasalgan oshxonaga yetib borgunimizgacha tushlik vaqti bo‘lib qolar, nonushta va tushlikni bitta qilib qaytib kelib, tuproq ustiga qurilgan palatkamizga kirib olardik. U yerda esa na karavot, na stol-stul bor edi. Faqat quruq yerga tashlangan matras bor edi xolos. Soyalab yotganingda biron bir farosati g‘ovlagan chopib kirsa, ko‘tarilgan changda bo’g‘ilib qolmaslik uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘lardik.

Men bu yerda o‘tkazgan to‘qqiz kun mobaynida tartib bo‘lmagan joyda yashash, ishlash va xizmat qilish naqadar qiyinchilik tug‘dirishini his qildim. Chunki bu yerda to‘plangan askarlar o‘zlari bo‘ysunadigan komandirini tanimasdi, agar u haqiqatan ham bor bo‘lsa. Bor bo‘lsa ham faqat “qabul qildim, jo‘natdim“ qabilidagi hisobot yuritish bilan mashg‘ul bo‘lsa ne ajab. Chunki, bu yerdan askarlar Afg‘onistonga har kuni jo‘natilar va har kun yangi kelganlar qabul qilib olinaverardi. Undan tashqari, o‘g‘lining shu yerdaligidan xabar topib, dilbandini bu xatarli “safar”dan olib qolish “yo‘llarini qidirgan” otalar ham ko‘rinib qolardi2ki, farzandini ko‘rish ilinjida tikanli simlar orasidan mo‘ralagancha kun bo‘yi tik oyoqda turishardi.

Ahvol bunaqaligini ko‘rib, vaziyatni tushunib olgandan so‘ng o‘zimiz to‘rt-besh so‘m pul yig‘ib, shaharga tushib yegulik olib keladigan bo‘ldik. Yegulik ham antiqa: faqat buxanka non va baqlajon ikrasi. O‘sha paytda shahar do‘konlaridan topganimiz shu edi.

Xayriyat bizning navbatimiz kelib, qatorlashib kelgan bahaybat “Ural” mashinalariga joylashib, bir soatlar chamasi yo‘l bosib harbiy aerodromga yetib keldik.

Samolyotga chiqyapmiz, taxminan “afg‘on”ga uchishimizni bilib tursam-da, qalbimning tub-tubida “boshqa joyga olib ketishsa edi”, degan xom xayol ham yo‘q emasdi.

–Afg‘onga ketishimiz rostga o‘xshab qoldi, yigitlar, meni bitta irimim bor, -dedi To‘ra, cho‘ntagidan bir dona qurut chiqara turib.

–Mana shuni yarmini bo‘laklab hozir yeymiz, yarmini esa u yoqqa tushgandan so‘ng, -deb yarimta qurutni olti kishiga taqsimlab berdi.

Otasi birrov kelib ko‘rib ketganidan so‘ng g‘alati bo‘lib qolgan Elbek,1 negadir qurut yeyishni istamadi.Biz beshovlon esa To‘rani og‘ziga termulgancha qo‘limizga tekkan “ulush”imizni shimiy boshladik.

–Shunday qilsak, hammamiz sog‘-salomat vatanimizga qaytamiz, -deb qurutning qolgan qismini qog‘ozga o‘rab cho‘ntagiga soldi.

Samolyot juda haybatli edi. Shu vaqtgacha uch-to‘rt marta fuqaro aviatsiyasiga qarashli bo‘lgan samo kemalarida uchib ko‘rganim uchun bu harbiy desant qo‘shinlarining IL-76 samolyoti ko‘zimga juda qo‘pol ko‘rinardi. Bir qatorda saflanib, samolyotning tushirilgan dumidan yuqoriga navbat bilan chiqishni boshladik. Ism-sharifimizni o‘qigan zobit, aftimizga birrov termuladi-da so‘ng harbiy guvohnomamizni qo‘limizga tutqizib, yelkamizga shapatilab samolyot sari yo‘naltiradi. Navbat Elbekka kelgach, uning hujjatini o‘z qo‘liga emas, boshqa bir zobitga berdi-da, uni o‘zini bosh bilan irg‘ab safdan chetga chiqardi. Trapdan ko‘tarilib samolyot saloniga chiqyapman-u “ha, otasi ishni pishitgan ekan-da, qurut yemagani ham bejizga emas ekan”, degan xayol bilan ortga qaradim. U allaqachon sal narida turgan mashina yoniga yetib borgan, u yerda esa undan boshqa yana uch-to‘rt nafar hammadan “aqlli” yigitlar yig‘ilib turardi.

Do‘st sinasang, safarda sina derlar,

Do‘st uchun zahar yut, begina derlar,

Do‘stga vafo boshing ustina derlar,

Qo‘rqoq yigit yo‘qotgay safdoshini,

Botirlarga tog‘lar egar boshini.2

Biz qo‘rqqan – Afg‘on. Boshlandi.

Uch yuz chog‘li askarni o‘z bag‘riga olgan uchoq havoga ko‘tarilib, bir yarim soat ham uchmasdan qo‘nishga chog‘lana boshladi va chap tarafga keskin burila turib aylanasiga pastlay boshladi. “Harqalay, Termizga tushyapmiz shekilli” deb xayolimdan o‘tkazdim, lekin pastga tushgach bizni o‘rab olgan, qo‘llarida avtomat ko‘targan askarlarni, atrofimizdagi sarg‘ish tusdagi baland tog‘larni ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi: ha, bu joy biz qo‘rqqan ”AFG‘ON” edi!

“Ha, Ilyos, qo‘rqyapsanmi… ” o‘zimga o‘zim savol berdim va atrofimdagilarga zimdan nazar soldim. Ular ham xuddi mendek tushkun kayfiyatda edilar. Oramizda bizdan bir yoshlar chamasi kattaroq bo‘lgan O‘tkir ham chuqur o‘yga tolgan, ko‘zlarini qayoqqa yashirishni bilmasdi. Doimo quvnoq yurguvchi To‘ra ham qandaydir xayollari to‘zg‘in, baland kelbatli Ravshanning qaddi esa, go‘yo bukilib qolgandek edi. Jikkakkina gavdasi tufayli vazni yetmasada, afg‘onga kelishdan bosh tortgan bolani o‘rniga, biz bilan kelib qolgan Husan va baland bo‘yli, vazmin G‘oliblarning ham kayfiyati biznikidan a’lo emasdi.

–Ha polvonlar, jimib qoldilaring, -dedim, ularning kayfiyatini ko‘tarish niyatida. Hamma jim… Qo‘rquvdan tashqari, ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan nohaqlik ham barchamizni karaxt ahvolga solgan edi.

Lekin bizning bu tushkun holatimiz tezda o‘tib ketdi va yoshlarga xos qiziquvchanlik ustunlik qilib atrofni kuzata boshladik.

–Saflaninglar, -kimdir buyruq berganday bo‘ldi, lekin biz saflanib-saflanmay, sudralishib qayta taqsimlash punktiga yetib keldik.

–Uzoqlashmanglar, kechqurun qismlarga jo‘naysizlar, -qisqa berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, o‘sha joyning o‘zida yuklarimizga suyanib o‘tirib oldik.

Cho‘ntagidan yarimta qurutni chiqargan To‘ra hech gap-so‘zsiz uni bo‘laklab bizga taqsimlab berdi. U bu irim haqida birovdan eshitganmidi yoki o‘zi o‘ylab topganmidi- biz uchun o‘shanda uning ahamiyati yo‘q edi. Muhimi bizni ko‘nglimiz shu bilan taskin topgani edi. Ovoz chiqarib birortamiz duo qilib biror tilak bildirishni bilmasak-da, lekin hammamiz ham ich-ichimizda “Sog‘-salomat qaytib ketaylik bu yerlardan, ilohim” deb xayolan duo qilganimiz rost.

Atrofni kuzata boshladim: chap taraf baland-past tog‘lar bilan o‘ralgan. Biz turgan joydan janub tarafda katta, biroq ko‘rimsiz shahar yastanib yotardi. Bu Kobul shahri edi.

Shaharning kunbotar tarafidagi katta tepalik e’tiborimni tortdi. Prizma shaklidagi bu ulkan tepalikni yon bag‘irlaridan aholi uy-joy qurib yuqoriga chiqib ketgandi. “Suvni bu balandlikka qanday qilib chiqarib berisharkin?”, qishloq bolasi sifatida, xayolimga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Shaharda ko‘p qavatli uylar kam, lekin bizdan shimol tarafdagi tog‘ yon bag‘irlarida o‘nlab shunday uylar qad rostlagan.

–Azizov!

Bu buyruq ohangidagi ovozdan hushyor tortdim.

–Ya, -deb o‘rnimdan turdim.

Qarshimda chiroyli formasi o‘ziga yarashgan desantchi kapitan turardi .

–Ti so mnoy poletish, bud zdes, -dediyu orqasiga burilib ketdi.

–Ilyos, sen desantga tushding, qoyil, -dedi To‘ra ko‘zlari yonib.

Yana bir ofitser biz tomon kela boshladi:

–Rahmatov, Zoidov!

–Ya.

–Ya.

To‘ra bilan O‘tkir sakrab turishdi.

–Vi oboi so mnoyu v Djelalabad, ponyatno?

–Tak tochno!

Ofitser ketgandan so‘ng ular ikkalasi yana joylashib o‘tirib olishdi.

O‘rtaga yana og‘ir sukunat cho‘kib, bir-birimizga horg‘in nigoh-la termula boshladik. Mash’um taqdir biz vatandoshlarni shu tariqa har tarafga sochib, bir-birimizdan ajratayotgandi!

Bu juda og‘ir edi! Chunki besh oy mobaynida ona Vatandan uzoqda, yana qaerda deng, – Sibirda, biz go‘yo bir tanu bir jon bo‘lib bir-birimizga o‘rganib qolgandik. Lekin na iloj, odamzot bundan battariga ham chidaydi.

Shu tariqa unsiz xayrlasha boshladik…

Kech kuzning kunlari qisqa bo‘ladi, haligina tepamizda turgan quyosh zarrin nurlarini so‘ndirgancha tog‘lar ortiga berkindi. Etni junjiktiradigan salqin shabada boshlandi.

Qorong‘ulik tushishi bilan aerodromda jonlanish sezilib, vertolyotlar ovozi eshitila boshladi.

Birinchi bo‘lib qarshilik To‘raev Husan bilan ukrainalik Sergey Sobachkinni G‘azna shahriga, ulardan keyin qamashilik G‘afforov Ravshan bilan kosonlik Pirnazarov G‘oliblarni Bagramga jo‘natishgandan so‘ng, meni chaqirib olishdi.

Kapitan bilan birga yetti kishi MI-8 vertolyotiga chiqdik. Quloqni kar qilgudek varillab o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘algan vertolyot aerodrom ustidan aylanganicha yengilgina ko‘kka ko‘tarildi. Bir necha marta aylanib, ma’lum balandlikka ko‘tarilgandan so‘ng pastda son-sanoqsiz chiroqlari ko‘rinib turgan Kobul shahrini ortda qoldirib noma’lum tarafga uchib ketdik.

Zim-ziyo qorong‘ulik qa’rida bir soatga yaqin uchdik. Vertolyot chap tarafga burilib pastlashni boshlagandagina pastda bir chiziqda qo‘shqator bo‘lib miltillab turgan chiroqlar ko‘rindi. Bu qo‘nish maydonchasi edi!

 Vertolyot to‘satdan pastga tomon shunday tezlik bilan sho‘ng‘idiki, azbaroyi butun vujudim bosh qismimda yig‘ilib qolganday bir zum ruhiy holatimni boshqarolmay qoldim. Nihoyat qo‘ndik…

Biz o‘tirgan yuk mashinasi katta chiroqlarini yoqmasdan yarim soatlar chamasi o‘rmalagancha soylikka tushgach to‘xtadi. Bizga joylashish buyurilgan palatkaga kirgach yorug‘likdan ko‘zlarim qamashib ketdi.

Palatka harbiylarga xos tartib-qoidalar bilan mahkam qilib joylashtirilgan, orasiga issiq-sovuqdan himoya qiladigan vositalar joylashtirilib, ularning ustidan oq rangli qattiq mato did bilan qoplangan, qo‘sh qavatli karavotlar ikki tarafdan qatorlashtirib o‘rnatilgan, qirq-ellik askarga mo‘ljallangan xos xona edi. Bizgacha ham bu yerga olib kelingan yosh askarlar anchagina bor ekan. Uxlashga chog‘langan bu yigitlar bizni ko‘rib jonlanib qolishdi.

Yo‘l azobidanmi yoki urush bo‘layotgan joyga kelib qolganligimiz qo‘rquvidanmi, bilmadim, o‘zim tanlab yotgan karavotdagi oppoqqina choyshablar orasiga kirgandan so‘ng ham anchagacha uxlay olmadim. Kim xurrak otgan, kimdir pishillabgina uxlab yotibdi… Mening ko‘zlarimga ham uyqu ina boshladi.

Qancha vaqt uxlaganimni aniq bilmayman. Bir payt atrof yashin chaqnagandek bo‘lib yorishdi-yu, nimadir “povv” etib, palatkamiz ustidan uchib o‘tdi. Avtomat tarillab, uzun-qisqa otishma tovushlari eshitila boshladi. Kimdir “mamochka” deb baqirib, uyg‘onib, o‘tirib oldi. Ozgina jimlikdan so‘ng yana boyagi yorug‘lik va “povv-povv-povv” deb ovoz chiqargancha ustimizdan ketma-ket uchib o‘tayotgan narsalar nimaligini bilamiz deguncha tong yorishib qoldi. Otishma ovozlari tinib atrofga sukunat hukmronlik qila boshladi.

–Podyom!!! Stroitsya na vixod!-buyrug‘idan so‘ng sakrab turib, kiyingancha tashqariga shoshildik.

Tong yorisha boshlagan, atrofdagi bino-yu palatkalar, harbiy texnikalar bemalol ko‘rina boshlagandi . Saflandik. Jami bo‘lib o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li, biz, yosh askarlardan boshqa hech kim yo‘q edi. Biznikidek palatkalar qator qilib tartib bilan joylashtirilgan torgina uzun soylik dushman ko‘zidan anchagina himoya qilingan, yov hujumidan yaxshi mudofaa qilinadigan tabiiy istehkom edi.

–Rovnyaes! Smirno! Nale-vo! Medlennim shagom, begom marsh!-buyrug‘idan so‘ng ertalabki badantarbiyani boshladik.

“Shu soydan chiqmasdan badantarbiya qilsak kerak” deb o‘yladim. Yo‘q, yanglishgan ekanman, o‘ng tarafdagi qirning ustiga qarab yo‘nalgan dala yo‘lidan yuqorilab katta yalanglikka chiqdik.

Chap tarafimizda baland tog‘lik boshlanib ketgan, o‘ng tarafimizda qirlar tugagan joydan boshlab ko‘z ilg‘agan joygacha yam-yashil vodiy ko‘rinib turardi. Soydan chiqishimiz bilan daraxtzor tarafga yo‘naltirilgan artilleriya qurollarini ko‘rgachgina kechqurun bizni “qo‘rqitgan”, ustimizdan uchib o‘tgan “ajdaho purkagan olovlar” nima ekanligini tushundim. “Grad” reaktiv snaryadlar otish qurilmasi pastlikka qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirib raketalarini otgan, ular esa bizni palatka tomiga tekkudek balandlikdan, naq ustimizdan uchib o‘tgan ekan.

Yalanglikka chiqqandan so‘ng “endi qaytsak kerak, endi qaytsak kerak” degan o‘y bilan yugurishda davom etdik. Lekin bizni boshlab ketayotgan serjantning parvoyi falak, qaytish haqida unutgandek- bamaylixotir yugurtirardi. “Esi joyidami buni, dushman hozir bizni otib tashlaydiku, bu yer ochiq yalanglik bo‘lsa, yashirinadigan joyning o‘zi bo‘lmasa, qayoqqa olib ketyapti bizni… ” degan savollar miyamda charx urardi.

Keyinchalik vaziyatni, atrofni o‘rganganimdan so‘ng, bu fikrlarimdan, o‘z o‘zimdan uyalib yurdim. Harholda bu yerda dushmanning o‘qotar quroldan otish ehtimoli kam bo‘lsada, reaktiv snaryadlar hujumidan himoyalangan emasdi. Xullas, ikki kilometrlar yugurib, harbiy qism markazi ko‘zga tashlangach, ortga qaytdik va tushunib yetdimki, biz ishonchli qo‘riqlanadigan harbiy qismning bir chetida joylashgan artilleriya divizionida ekanmiz.

Har xil o‘ylar qurshovida o‘tkazgan bu risoladagidek badantarbiya mashg‘uloti men uchun “afg‘on”dagi birinchi va oxirgisi bo‘lishini ham, hali bu yerdan yanada uzoqroqda joylashgan boshqa bo‘linmaga ketishimni ham xayolimga keltirmac edim. Chunki men boradigan joyda bunaqa mashg‘ulotlar o‘tkazishni hatto tasavvur etish ham mushkul edi. Bu haqda esa keyinroq…

Palatkaga qaytganimizdan so‘ng meni Nosir Rahmonov, Stepanyuk va Ivanov degan bolalar bilan (harbiyda shunaqa, askarlarni familiyasi bilan chaqirishadi, ba’zilarining ismini hozirgacha bilmayman) qo‘shib olib ketishdi. Qism markazidan o‘tib, kechqurun biz uchib kelgan vertolyot yonidan o‘tib shahar tomon yo‘naldik. Bu Gardez shahri edi.

Shaharga kirish yo‘lida, shundoqqina mahalliy aholi uylari yaqinidagi shlagbaumga kelgach, uning chap yonida turgan pastqamgina, paxsadan qurilgan imorat yoniga yetib, mashinadan tushdik.

Qiziq, bu yer harbiylar joylashgan maskanga ham o‘xshamasdi. Uch-to‘rtta har xil yumushlar bilan ovora bo‘lib yurgan navbatchi askarlardan boshqa birov ko‘rinmas, tinchgina, zerikarli joyday bo‘lib ko‘rinardi. Lekin bu aldamchi taassurot edi. Bizni o‘z xonalarimizga joylashtirishdi. “Kazarma” deb ataladigan bu imoratda uchta kichik-kichik yotoqxonalar bo‘lib, har biriga o‘n besh-yigirmatadan karavot joylashtirilgan. Birozdan so‘ng yelkalariga avtomat, pulemyot va granatomyotlar osib olgan bir talay askarlar shovqin-suron bilan kelib qolishdi. Ularning qayoqdan kelishganini ham bilmay qoldim. Ular qurollarini kichkinagina, temir panjarali eshiklar o‘rnatilgan, lekin, hech qachon qulflanmaydigan xonaga kiritib qo‘yishdi-da, yuvinib kelishgach, “Stroitsya, na zavtrak” komandasi berilib, biz ham ularga qo‘shilib, tashqariga yo‘naldik.

Lekin safga hamma ham kelib qo‘shilmadi, ayrimlar o‘z kotelog3ini ko‘tarib, palatkadan qurilgan oshxona tomon o‘z holicha jo‘navorishdi. Ular xizmatni deyarli o‘tab bo‘lgan “ded”lar (harbiyda hamma askarlar orzu qiladigan shunday “martaba”bor) ekanligini tushundim.

Uch kungacha bizga hech kim ortiqcha gap-so‘z qilmadi. Bu, biz yosh askarlar, ya’ni “dux”lar uchun moslashib, ular bilan kirishib ketishimiz uchun berilgan “srok” edi. Shu muddat ichida ichki tartib-qoidalar, o‘zimizga tegishli hududlar bilan tanishib olish imkoniga ega bo‘ldik.

Bu yer men o‘ylagandek zerikarli, tinch joy yemasdi. Aksincha, harbiy qismga kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan asosiy yo‘ldagi KPP (nazorat o‘tkazish joyi) va uning yonboshidagi ikkita artilleriya vzvodlariga biriktirilgan, bir yarim kilometrlar uzunlikdagi hudud, pastqam joyda usti niqoblovchi to‘rlar bilan yopilgan garaj, garajning orqasida esa, toki aerodromgacha bo‘lgan oraliqda joylashgan afg‘on harbiylarining hududi birlashgan gavjum maskan edi.

Oshxonamizning orqa tarafida oltmish metrlar kenglikdagi yantoqzor tugagan joydan ensizgina dala yo‘li o‘tgan bo‘lib, yo‘lning narigi tarafida esa tartibsiz holda paxsadan baland qilib qurilgan mahalliy aholi uylari joylashgandi. Keyinroq bizga bildirishlaricha bu yantoqzor –minalashtirilgan maydon ekan.

Artilleriya vzvodlariga biriktirilgan hudud uzunasiga okoplar qazib birlashtirilgan, ma’lum oraliq masofalarda joylashtirilgan D-30 zambaraklari shunday ustomonlik bilan ko‘zdan pana qilingandiki, ularning uzun stvollari tikanaklar orasidan arang ko‘zga tashlanardi. Okopdan narigi tarafdagi katta maydon tikanzor bo‘lib, u ham minalashtirilgan edi. Bu maydondagi minalar gohida o‘z-o‘zidan portlab qolar yoki signal beruvchi minalar ishga tushib qolardi. Buning asosiy sababi esa, aksar hollarda, turli yovvoyi hayvonlar va daydi itlarning hududga adashib kirib qolganliklari bo‘lardi.

Okoplar boshlangan yerdagi kuzatuv punkti shunday qulay joyda o‘rnatilgan ediki, u yerdan shahar kaftdek ko‘rinib turardi. Bu shahar xuddi o‘rta asrlardagi shaharlarga o‘xshab ketar, qadim qurilgan masjid-u obidalari bilan birga inglizlar mustamlakasi davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar ham ko‘zga tashlanar, masjidlarda aytilgan azon, shamol janubdan esganda, baralla eshitilib turar, shahar biqinida joylashgan neft burg‘ularidan chiqadigan g‘alati tovushlar esa ahyon-ahyonda eshitilib qolardi.

Gardez Paktiya viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, uch tarafdan purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, faqat g‘arb tomon pasttekislikdan iborat. Shaharning janubi- sharqiy tarafidagi tog‘ning bir qismi alohida bo‘lib, shunaqangi ajoyib joylashgandiki, u xuddi askarlar pilotkasiga o‘xshardi, nomini ham shundan kelib chiqib “pilotka tog‘i” deb atardik (Pilotka – to‘nkarilgan qayiqni eslatuvchi harbiy bosh kiyimi). U strategik jihatdan atrofni kuzatishda qulayligi uchun ham u yerda bitta vzvod joylashtirilgandi. Uzoqligi besh-olti kilometrlar bo‘lgan bu “nuqta”mizga har oyda bir-ikki marotaba vertolyot bilan askarlar o‘rin almashtirib kelinardi.

Shaharning shimol tomonidagi tog‘ sari yo‘nalgan, dovondan pastga tushgach, to‘g‘ri Kobulga boradigan bir yuz yigirma chaqirimlik , qachonlardir asfaltlangan yo‘l haqida keyinroq to‘xtalib o‘taman. Janub tarafga yo‘nalgan yo‘l janubiy dovonga borib tutashgan. Dovon esa, toki Jadran qabilasi yopib olgunga qadar, Xost okrugi bilan bog‘lab turardi.

 Borganimizdan so‘ng uch-to‘rt haftalar o‘tgach, batareya komandiri kapitan Balushkin, bizni kazarmadagi stol-stullar joylashtirilgan, hammamiz “lenkomnata” deb ataydigan xonaga yig‘ib, burgutqarash nigohi bilan har birimizni birma bir “rentgen nuridan o‘tkazgancha” so‘z boshladi:

– Xo‘p, yigitlar, tez kunlarda “Vardak” amaliyotiga chiqamiz, kimlar borishini esa faqat men hal qilaman, -deyishi bilan ko‘pchilik askarlar qo‘l ko‘tarishib“men boraman, men boraman” deb chug‘urlashib qolishdi.

Mening       xayolimda esa hali ham avvalgi qo‘rquv bor: “ Nima bo‘lgan bularga, urushga ham shunchalik qo‘rqmasdan “men boraman” deyishadimi?”

O‘sha paytda ko‘nglimdagi ko‘zlarimda aks etgandir, balki, bilmadim.

Bir muddat jimlikdan so‘ng Balushkin davom etdi:

–Bu gal aloqachi yoshlardan Azizov, Stepanyuk va Ivanovlar borishadi. Kim nimaga qodirligini bilib olaylikchi, a, nima dedinglar? Vzvodlardan kim borishini esa vzvod komandirlari hal qilsin, – deya gapni qisqa qilib chiqib ketdi.

Men, amaliyotga qachon jo‘nashimiz mumkinligini surishtira boshlab, shuni angladimki, uning qachon boshlanishi harbiy sir hisoblanarkan, hamma tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi, bitta buyruq bilan o‘ziga biriktirilgan mashinalarga chiqishi lozim ekan.

Tayyorgarlikni o‘zimcha boshlab yubordim. “Ryukzak desantnika” yoki qisqa qilib “RD” deb ataladigan yo‘l xaltaga kerakli narsalarni yig‘a boshladim: o‘q- dori, granatalar, uch kunlik oziq-ovqat, dori-darmon, sovun-sochiq kabi narsalarning o‘zini joylashtirish uchun bitta emas ikkita RD ham kamlik qilardi. Bulardan tashqari o‘n besh kilolar yuk bosadigan radiostansiya, avtomat, o‘q o‘tkazmaydigan bronejelet hamda ichiga kirib uxlashga mo‘ljallangan xalta (спалный мещок) ham bor edi.

Ularning hammasini joylash, qaysi biridan qancha miqdorda olishni bilish ham tajriba, mahorat talab qilar ekan.

“Ded”larning biridan istihola bilan maslahat so‘radim:

–Kak delat? Chto vzyat?

U juda og‘ir-bosiq, ko‘p janglarni ko‘rganligidan bo‘lsa kerak, ko‘zlari juda ziyrak boqardi.

–Sen, ukajon, ko‘proq oziq-ovqat olgin, -dedi u men yig‘ib qo‘ygan o‘q-dorilarni bir chetga surib qo‘yar ekan, davom etdi:

–Avtomating magazinlarining o‘zida to‘qsonta patron bor, so‘rashtirib lifchik4 topib olsang unga ham uch-to‘rtta o‘qdon o‘qi bilan sig‘adi. Zahiraga yana yuz-ikki yuz dona patron va granatalardan uch-to‘rtta ol, yetadi, chunki o‘q-dorini senga yetkazishadi, o‘ylama, lekin oziq-ovqat masalasi qiyin. (Ammo keyinchalik o‘q-dori yetkazib berish imkoni topilmay qoladigan vaziyatlarga ham tushib qolish mumkinligiga guvoh bo‘ldim.)

U karton qutilarga joylashtirilgan “suxoy payok” deb nomlanuvchi uch kunlik oziq –ovqatlarimni titib, ikkiga ayira boshladi. Har bir qutida mayda-katta konserva bankalarning o‘zidan olti-yetti dona, pechenyega o‘xshatib qadoqlangan non mahsulotlaridan ikki-uch xil va yana men hali nimaligini aniq bilmagan boshqa narsalar ham bor edi.

–Bulardan kaloriyaliklarini ol, yukni ko‘paytirma, -deb bankalardan bir nechtasini olib tashladi.

O‘zini Glazev deb tanishtirgan rus yigiti juda muloyim chiqib qoldi.

–Sen, ukajon, bu yerda o‘lib ketishdan emas, obro‘yingni yo‘qotib qamalib ketishdan qo‘rqqin. Nizom bo‘yicha yasha, komandirlarning ko‘rsatmalaridan chetga chiqma, boylikka qiziqma, hammasi yaxshi bo‘ladi, -deb aytgan so‘zlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi.

Yoshi deyarli o‘zimga tengdosh bo‘lgan bu yigitning akalarcha bergan nasihatlariga quloq solarkanman, “Nahotki “ded”larning hammasi shunday odamoxun, muloyim bo‘lsa?”– degan savol xayolimga keldi. Lekin keyinchalik besh barmoq barobar emasligiga amin bo‘ldim.

Uch-to‘rt kunlik tayyorgarlikdan so‘ng tongda jangovar texnikalardan iborat kolonna bilan yo‘lga chiqdik. Yuklarimni BMP ning ichiga joylashtirib, “ichkarida o‘tirsa bo‘lmasmikan?” deb o‘yladim-u, lekin boshqa askarlardan o‘rnak olib, uning ustiga chiqib oldim. Va nihoyat qo‘rqinchla intizorlik bilan kutilgan ilk “safar”im boshlandi. Shaharning ichki ko‘chalaridan o‘tib borarkanmiz, atrofga qiziqib boqardim, yo‘l chetidagi tomoshaga chiqqan afg‘on bolalarini va tinch aholi vakillarini kuzatardim. Ularning ayrimlari xayrixohlik bilan boqsa, ayrimlari yuzini burar, ba’zilari esa oshkora nafrat bilan qarab qolardi.

Shahardan chiqib g‘arb tomondagi pasttekislik tomon yo‘naldik. “Zelyonka” deb atalmish daraxtzorlarni chap tarafimizda qoldirib, yalanglikdagi tuproq yo‘ldan ketayapmiz, lekin yo‘limiz sira unmas, kolonna juda sekin yurardi.

Kolonnani o‘z tumshug‘idan to‘rt metrlar oldinda katta va og‘ir g‘ildiraklarini g‘ildiratib ketayotgan tank boshlab boryapti. Yo‘l minalashtirilganligi sababli, u sekin yurib ana shu g‘ildiraklar yordamida avtomashinalar uchun yo‘l ochib boryapti. “Yo‘l ochyapti” degani shuki, mabodo shu izda mina bo‘lsa, u portlab temir g‘ildirakni nari borsa o‘rnidan chiqarib yuborar, keyin esa yana shu g‘ildirakni qayta o‘rnatib, yo‘lda davom etilaverardi. Haydovchilar mashinalarini juda ehtiyotkorlik bilan boshqarib, shu izdan chiqmaslikka harakat qilishardi.

Tushgacha besh chaqirimcha yo‘l bosdik. To‘satdan portlash tovushi eshitildi. Men o‘tirgan BMP dan uchta mashina oldinroqda borayotgan, egiluvchan uzun antennalar bilan jihozlangan, katta komandirlar uchun mo‘ljallangan MTLB (многоцелевой тягач лёгкий бронированный) minaga tushdi. Gumburlash asnosida ko‘tarilgan qop-qora tutundan ham yuqoriroqda, portlash zarbidan otilib ketgan, to‘rt nafar askar havoda muallaq, oyoq-qo‘llarini qimirlatgancha yerga qaytib tushishardi. Bu bir necha soniyalar ichida ro‘y berdi, ammo mening xayolimda juda uzoq cho‘zilgandek bo‘ldi.

Kolonna to‘xtab qoldi. Biz mashinalardan tushar-tushmas, jangga hozirlana boshladik. Lekin yon atrofda xavfdan darak yo‘q edi.

–Fugas ekan, -dedi kimdir yonimdan.

Oldinda ketayotgan tank o‘tganda ham, undan keyingi beshta mashina o‘tganda ham portlamagan fugasli mina nega aynan shu mashina g‘ildiraklariga dosh berolmadi?

Xayolimdan o‘tgan bu savolga javob topish maqsadida yonimdagi askardan sekingina so‘radimu, uning javobidan yuragim orqaga tortib ketdi.

Minani chuqurroq ko‘mib, ustidan yana qisman tuproq tortib, snaryadning bo‘sh gilzasini to‘nkarib shunday moslashtirib qo‘yisharkanki, endi u besh-oltita mashina o‘tmagunicha portlamas ekan. Har qaysi bosib o‘tgan mashina yarim-bir santimetrdan pasaytirib borib, to‘nkarib qo‘yilgan gilzani portlatgichgacha yaqinlashtirib borar, va nihoyat kimningdir chekiga portlatgichni ishga tushirib yuborish to‘g‘ri kelarkan. Bu birinchi taxmin. Komandir mashinasi portlaganini nazarga oladigan bo‘lsak, ikkinchi taxminni ham ilgari surishimiz mumkin. Chetdan kuzatib turib, komandir mashinasi belgilangan joyga kelishi bilan uzoqdan boshqariladigan mina portlatilgan bo‘lishi ham mumkin. Taxminlar bisyor. Qaysi usulda portlatilganidan qat’iy nazar, oqibati ayanchli. MTLB haydovchisi Yura Samsonov halok bo‘ldi, havoga chumchuqdek ko‘tarilib, yerga qurbaqadek kelib urilgan askarlar esa turli jarohatlar olgan bo‘lishsada, har holda tirik qolishgandi. Shundagina men, nega hamma askarlar jangovar mashinalarning saloniga emas, ustiga chiqib olishganini tushundim. Haydovchi uchun esa tanlash imkoni yo‘q edi!

1.Ma’lum sabablarga ko‘ra ayrim qahramonlarning ismi-sharifi o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik mutlaqo tasodifiydir (Muallif).
2.Keltirilgan she’rlar ustoz- shoir Hasan Qurbonov qalamiga mansub.
3.Kotelok – quyuq-suyuq ovqatlar solib yeyishga, zarurat bo‘lganda esa ostidan olov yoqib taom pishirishga mo‘ljallangan, askarlar o‘zi bilan olib yuradigan qozoncha.
4.Lifchik – uch-to‘rt dona o‘qdon sig‘adigan cho‘ntaklari bo‘lgan, ko‘krakka taqib olinadigan, qattiq matodan tikilgan qulay moslama.
1,88 €