Кинода режиссура ва драматургия

Tekst
Loe katkendit
Märgi loetuks
Kuidas lugeda raamatut pärast ostmist
  • Lugemine ainult LitRes “Loe!”
Šrift:Väiksem АаSuurem Aa

IKKINCHI QISM. FILM ENERGIYASINING TARKIBIY UNSURLARI

DRAMATIK HOLAT ILOJSIZ HOLATLARDAN CHIQA OL

Adabiyot har doim inson faolligining xilma-xil, cheksiz kо‘p kо‘rinishlarini muhokama qiladi: orzu qiladi, kuzatadi, reja tuzadi, hayotning nozik iforlarini his qiladi, xayolan ming yilliklarni va qamrab bо‘lmas fazolarni quchadi.

Dramani insoniy faoliyatlar orasidan avvalo shu yerdagi va ayni shu paytdagi dramatik holatda nima bо‘layotganligi qiziqtiradi. «Shu yer» va «ayni shu payt» nima ekanligini tushuntirish shart emas. «Dramatik holat» degani nima о‘zi? Bu qahramonning shunday holatiki, unda atrof-muhitdan bо‘ladigan bosim qahramonning xarakteri imkoniyatlaridan kuchliroq bо‘ladi. Sodda qilib aytganda, bu insonning noiloj qolgan holatidir. Faqat mana shu narsa filmning barcha yaratuvchilarini tom ma’noda bir joyga tо‘playdi. Shu yerdagi va ayni shu paytdagi noilojlik. Mana shu narsa «dramatik holat» deyiladi.

Garchi adabiyotda ruhning sirli hayotiy jarayonini bayon qilishning undanda nozik va murakkab ifodalari mavjud bо‘lsada, u inson faolligining boshqa barcha turlari ustidan mutlaq g‘alaba qildi. Misol tariqasida Joysning «Ullis»idagi «anglash oqimi»ni olib kо‘ramiz. U bilan qiyoslaganda drama inson ruhini kо‘rsatishning qо‘pol va jо‘n shakliga о‘xshab qoladi. Prozada qahramonning orzulari va tafakkuri uning xatti-harakatlari bilan uzviy qо‘shilib ketadi, xotira sizni bir onda 20 yil orqaga, boshqa mamlakatga kо‘chirib boradi va о‘sha paytning о‘zida 10 yil oldinga, xayoldagi kelajak olamiga olib ketadi. Nozik tasavvurlar sizning injiq xayollaringizdan naqshlar tо‘qiydi, u hech narsa bilan cheklanmaydi. Unga drama nimani qarshi qо‘ya olishi mumkin? Shu yerdagi va ayni shu paytdagi oddiy qо‘pol xattiharakatlarni.

Ammo dramatik holat insonni о‘zining barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilishga majbur qiladi. Personaj harakatlanadi, chunki u tushib qolgan dramatik holatidan chiqib ketish yо‘lini topishi kerak. Shu bilan birga bu chorani kechiktirmay topishi kerak, aks holda uning ahvoli bundan ham battar, juda yomon bо‘ladi…

Ruhiyatning barcha yashirin sifatlari taranglashadi, bо‘rtib chiqadi va barchaga oshkor bо‘lib qoladi. Bu narsa esa:

– birinchidan, muallifning tasavvurini qо‘zg‘atadi;

– ikkinchidan, rejissor va aktyorning tasavvurini qо‘zg‘atadi;

– uchinchidan, tomoshabinni hamma narsani unutib, personaj qanday qilib noiloj vaziyatdan chiqib ketishini kuzatishga majbur qiladi.

Akakiy Akakiyevich Bashmachkinning – «Shinel» qissasi qahramonining – eski shineli butunlay yaroqsiz bо‘lib qoldi. Shinelsiz u kasal bо‘lib, о‘lib qolishi mumkin. Kambag‘alligi tufayli u yangi shinel tiktira olmaydi. U nima qiladi?

О‘smir juda katta va ayovsiz kuchlar aralashib qilingan qotillikka guvoh bо‘lib qoladi. Agar u jinoyatni ochishga yordamlashmasa, uni о‘ldirishadi. U nima qiladi? («Mijoz» – «Klient» filmi).

Chekka bir shaharga revizor keldi. Shahar hokimi ishonadiki, agar qonun buzulishlari haqida bilib qolishadigan bо‘lsa, amaldorlarga Sibir surgunlarining kishanlari xavf soladi. Mansabdorlar nima qilishadi?

Nyu-York mafiyasining bir maromdagi hayotiga yangi kishilar keldi. Ular keksa chо‘qintirgan otalari don Korleoneni о‘ldirishsa, nima xohlashsa – shuni olishlarini biladi va uni о‘ldirishadi… Yо‘q, u hali tirik. Uning bolalari nima qilishadi?

Gimnaziya о‘qituvchisi bu dunyodagi bor nasalardan qо‘rqadi. U gо‘yoki niqob bilan himoyalanganday yashaydi. Birdaniga bu niqobni uni sevuvchi maxluq – ayol kishi, uning bо‘lajak xotini yirtmoqchi bо‘ladi… Bunga javoban u nima qiladi?

Yosh pomeshchik Dubrovskiy butun mol-mulkidan ayriladi. U ablahlarni jazolab, qaroqchilik qila boshlaydi va bir payt о‘zining ayovsiz dushmanining qiziga oshiq bо‘lib qoladi. U qanday harakat qiladi?

Yosh va baxtiyor Romeo gо‘zal Julyettani sevib qoladi. U ham buni sevadi. Ammo ular baxtli bо‘la olmaydilar. Montekki va Kapuletti oilalari ayovsiz dushmanlar. Sevishganlar nima qilishadi?

Boshpanasiz tikuvchi ayol talabalar yotoqxonasida yashaydi, о‘ziga homiylik qilgan har bir kishini sevadi, u haqida g‘amxо‘rlik qiladi. Bir payt sevimli kishisi uni uydan haydaydi. Uning bо‘lsa boradigan joyi yо‘q… Nima qiladi? (Chexovning «Anyuta»si).

Bu rо‘yxatni cheksiz chо‘zish mumkin va har bir asarda aniq kо‘rinib turadigan dramatik holat mavjud. U – motor bо‘lib, insoniy munosabatlarni harakatga keltiradi. U о‘y surishga emas, balki nimadir qilishga majbur etadi. U (dramatik holat) personajlar zudlik bilan, shu yerda va hozirning о‘zida, bizning kо‘z о‘ngimizda о‘z muammolarini hal qilishlarini, dramatik holat itqitib yuborgan jarlikdan ularning chiqib olishlarini talab qiladi. Bu narsa bulvar adabiyotiga ham, sara adabiyotga ham, bestsellerlar qahramonlarining jasoratiga ham va inson ruhiyatidagi eng xilvat joylarning kamtarona tadqiqotlariga ham birday taalluqlidir.

Ommabop uslub mualliflari dramatik holat nima uchun bunchalik ishonchli va tо‘xtovsiz ishlashini tushuntirib, past ketib о‘tirishmaydi. Statistika bо‘yicha, u muvaffaqiyatli faoliyat kо‘rsatayapti, shu tufayli ham о‘z-о‘zdan tushunarliday kо‘rinadi. Ammo mening Rossiyadagi shogirdlarim uchun bu narsa о‘z-о‘zidan tushunarli emas edi. Hayotni poetik kuzatish, beixtiyor quvonchlar va tushkin kayfiyatlarni, yoki hayot tartibsizliklarini betartib shakllarda yoki individual narsalarni kо‘rsatish naqadar ularni о‘ziga tortadi. Hammamizga: film ijodkorlariga ham, tomoshabinlarga ham dramatik holat bilan ishlasak yaxshi bо‘lishini tushunib olish foydali bо‘lardi.

Oxirgisidan boshlaymiz. Uquvsiz о‘quvchilarga о‘xshab masalalar tо‘plamining oxiridagi javobiga qaraymiz. Film tugallangan va u kinoda kо‘rsatilayapti. Kinoteatr zallarini tо‘ldirib о‘tirgan tomoshabinlar tо‘dasiga qarang – Germaniyada, Fransiyada, Amerikada ham bu shunday. Nega biz tasvirlar galereyasida bunchalik tо‘planmaymiz, kutubxonalarda tungacha о‘tirib qolmaymiz – u yerda ham san’at mavjudku? Yо‘q! Har hafta biz katta zalda tо‘planamiz. Chiroqni о‘chirishadi va biz bir yarim-ikki soat mobaynida bо‘ynimizni miltillab turgan ekran matosiga chо‘zgan holda harakatsiz о‘tiramiz. Bunday qilishga bizni nima majbur qiladi? Kanadalik psixolog Gans Sele, biz hammamiz stressga muhtojmiz, deydi. Kino bu ehtiyojimizni qondiradi.

Stress – Xudo tomonidan yaratilgan ulug‘ ixtirodir. Stressga bо‘lgan qobiliyat har bir odamning dasturiga joylashtirilgan. U qachonlardir kuchsiz, bechora, yalang‘och kimsani tabiatning podshosiga aylanishini ta’minladi va ushbu olamni yaratdi. Hozir biz madaniylashgan holda kо‘zga kо‘rinmaydigan nurlar va tо‘lqinlarning axborotlar oqimida yashamoqdamiz. Ammo hammasi inson hali hayvonlar bilan о‘ralgan о‘rmonlarda va g‘orlarda yashaganida, yashab qolishlari uchun ularni о‘ldirishlari kerak bо‘lganida boshlangan edi. Xudo xavf-xatarga qarshi beriladigan javob (reaksiya)larning hamma turlarini oldindan faraz qilishi mumkin emasdi. U stressni – qо‘rquv, agressiya, quvonch, qayg‘u… kabi barcha kuchli qо‘zg‘atuvchi vositalarga bо‘ladigan yagona universal javob(reaksiya)ni о‘ylab topdi. Olimlar uni «organizmning unga xos bо‘lmagan javobi (reaksiyasi)» deb atashadi. Odamning diqqat maydonida qandaydir bezovtalantiruvchi, xavfli, tahdid soluvchi nimadir paydo bо‘lsa, uning diqqati avtomatik tarzda bu narsaga safarbar etiladi. Vujud qonga katta miqdorda adrenalin chiqaradi va uning kuchi qisqa bir on davomida о‘nlab barobar kо‘payib ketadi. Odam irodasi qahr-g‘azabga tо‘lgan yoki qо‘rquv paytida bir joyga tо‘planib, kuchliroq bо‘lib qoladi, tezroq yuguradi, kо‘zlari yaqqolroq kо‘radi va mо‘ljalga aniq uradi. U dushmanga xuddi bahodirlar kabi tashlanadi yoki xavf-xatardan kutilmagan tezlik bilan qochib qola oladi.

Stressga bо‘ladigan javob (reaksiya) dunyodagi barcha odamlarda о‘xshashdir. Bu narsa kishilarga biron manzilga, qabilaga, xalqqa birlashish va yashab qolish imkonini berdi. Aynan stress tufayli har birimizning ajdodimiz ov paytida yugurishga, о‘ldirilgan tо‘ng‘izning gо‘shtini g‘orga sudrab kirishga va uni olovda pishirishga qodir bо‘lgan. Kechqurunlari sovuq va qо‘rquvni ham unutib, о‘z tanlaganini qucha olgan. U sevardi, tug‘ardi, bolalarini tarbiya qilardi va agar omadi kelib qolsa, ovda emas, balki butunlay qarib-churib, 25 yoshlarida bolalari va nabiralari davrasida qazo qilar edi. Stress uning butun a’zolarini holdan toydirib, faoliyatini to‘xtatib qo‘yardi.

Hozir biz issiqqina uyda, qonunlar himoyasi ostida, hamma qulayliklar barpo etilgan hayotda uch baravar uzoq yashaymiz. Olimlarning aytishlariga qaraganda, biz imkoniyatimzdagi stresslarning 5-7 foizidangina foydalanamiz. Ammo vujudizmdagi dastur о‘zgargani yо‘q. Vujud stressga muhtoj. Agar biz stress ulushini olmasak, unda bizda distress yoki sо‘lg‘in kechadigan doimiy stress yuz berib, u vujudimizni vayron qiladi, kasalliklar, asabiyliklar va aqldan ozishlarga olib keladi. Shuning uchun ham biz stress holatlariga intilamiz.

Kinotomoshabinlarni о‘rgangan olimlar nimani kashf etishdi? Ma’lum bо‘ldiki, filmni kо‘rish jarayonida tomoshabinlarning miyasida kichik-kichik stresslar biotoki vujudga kelar ekan. Bular real hayotdagiga nisbatan yuzlab, balki minglab marta kuchsiz stresslar. Ammo bu stressga о‘xshab ketadigan narsalar davolovchi xususiyatga ega. U bizga quvonch baxsh etadi, chunki taranglikni ketkizadi, ruhimizni yengillashtiradi, teleseriallardagi va gо‘zal dramalardagi tasavvur qilinadigan raqib bilan kurashib, uning ustidan g‘olib chiqish imkoniyatini beradi.

Tomoshabinni ekranga kо‘proq nima jalb qiladi? Dramatik holatdagi kishi. Bu narsa beixtiyor kechadi. U bizning xattiharakatlarimiz asosida azaldan mavjuddir. Odamni biror falokatga duch kelganligini kо‘rishim hamon men tasavvurimdagi stressga uchrayman, uning yonida birgalikda bu falokatdan chiqish yо‘llarini izlayman. U kishi menga qanchalik yaqin va tushunarliroq bо‘lsa, albatta, men unga shunchalik kо‘proq qayg‘uraman. Ammo amalda men stressga uchragan har bir odamga nisbatan qayg‘uraman. Mening stress dasturim mening ishtirokimsiz ishlaydi. Uning asosida poda instinkti yotadi.

 

Drama tomoshabinlari bilan qilinadigan barcha aloqalar mana shu poydevor ustiga qurilgan. Stress – bu dramatik holatlarda qolgan personajlarga nisbatan mening hamdardligim asosidir. Agar qahramonlar dramatik holatda bо‘lishsa, men о‘zimni ularga tо‘laroq tenglashtirishga harakat qilaman.

Xulosa qilamiz. Dramatik holatni uch omil belgilaydi:

1. Odam noiloj ahvolda qolganda.

2. Bu holatning о‘sish xavfi uni ushbu holatdan chiqish yо‘lini axtarishga undaganda.

3. Antogonist – unga xavf-xatar tug‘diruvchi raqib bilan kurashga kirishib, undan chiqish yо‘llarini axtarganda.

Dramatik holat – bu konfliktning boshlanishi ekanligini anglab yetish qiyin emas.

Dramatik holatda faoliyat kо‘rsatishga majbur qiladigan xavf-xatar alternativ omil deyiladi. U: «Agar qahramonning xavf-xatarga kuchi yetmasa nima bо‘ladi?» formulasida ifodalangandir.

Romeo ayni shо‘xligi tufayli oilalarining dushmani bо‘lmish Kapulettilar oilasi о‘tkazayotgan balga boradi. Unga xatar tahdid solardi. Agar Romeo zal о‘rtasida kо‘zni qamashtiruvchi gо‘zal qizni kо‘rib qolmaganida va… uni sevib qolmaganida unchalik ham qо‘rqmasa bо‘lardi. Bu xuddi yashin urishiga о‘xshardi. Endi u xavf-xatarning qoq markazida edi.

Bu xavf-xatar Romeo Julyettaning Montekkilar oilasi yovuz dushmanining qizi ekanligini bilganidan keyin yanada ortadi. Ammo hech bir xavf-xatar Romeoni tо‘xtata olmaydi. U xavf-xatarni pisand qilmasdan, Julyettalar bog‘iga kechqurun bildirmasdan kirib boradi. Qiz ham uni sevishini biladi, ammo sevishganlarning uchrashuviga oilalari о‘rtasidagi dushmanlik xavf soladi. Balda bо‘lganidan kо‘ra bog‘da va balkonda xavf-xatar kо‘proq.

Ertalab u juda baxtiyor, u Julyettaning oilasi bilan totuvlik istaydi. Ammo Tibald, Julyettaning akasi, Romeoning dо‘sti – Merkutsioni о‘ldiradi. Bunga javoban Romeo Tibaldni о‘ldiradi. Endi u Kapulettilar oilasining qо‘rqinchli dushmani.

Shunday qilib, butun pyesa davomida personajlar bir dramatik holatdan boshqasiga, undanda xavfliroq holatga о‘tib borishadi.

Har bir holatda ular:

1. Noiloj ahvolda qoladilar.

2. Bu ahvoldan chiqish yо‘llarini axtaradilar.

3. Antagonistlar bilan kurashga tushadilar.

Shekspir doimo xavf-xatar darajasini oshirib boradi, garchi xavfxatar hamisha ham ochiq-oydin kо‘rinib turmasada, alternativ omil oshib boradi. Ular rejissorga: «sahnani shunday qilginki, tomoshabinning nafasi ichiga tushib ketsin», – deya qilingan taklif bо‘yicha bо‘layotganday.

Balda Tibald xavf-xatar manbai edi. Bog‘da xatar muhitga singib ketdi. Har bir holatda muallif rejissorga: sen kerakli hamma mahsulotlarni tо‘g‘ri olding, undan ziyofat uyushtir va marhamat qilib, iste’dodingni ishga sol, – deyayotganday.

Agar dramatik holat kuchsiz ifodalangan bо‘lsa yoki umuman bо‘lmasa, rejissor о‘zi bilganicha ish tutib, filmning umumiy mazmunini barbod qiluvchi xavfli harakat qilishi mumkin. Bunda hamma о‘z bilganicha ish kо‘radi. Bu kо‘pincha yaxshilikka olib kelmaydi. Tomoshabin uni ma’lum maqsad sari olib borayotganlari haqidagi tasavvuridan mahrum bо‘lishi mumkin.

Dramatik holat – bu har qanday dramatik hikoya va dramadagi har bir personajning ichki dunyosining о‘zagidir. Dramatik holatsiz aktyorlarga qiladigan ish yо‘q. Sizning nazokatingiz va mahoratingiz hikoyadagi dramatik holat namoyon bо‘lishining me’yorini aniqlashdadir. Ammo dramatik holatning bо‘lmasligi, sо‘zsiz, sizning professional chorasizligingizni keltirib chiqaradi.

Bizni ekranga jalb qiladigan barcha voqelik bir dramatik holatdan boshqasi tomon rivojlanib boradi. Qahramon bir holatdan chiqishi hamon darhol boshqasiga, yanada tarangroq holatga tushadi. Butun bir yarim soatlik vaqt shu tariqa о‘tadi.

Dramatik holat personaj niqob ostida yashirib turgan narsalar haqida tasavvur qilishga yordam beradi. Drama – har qanday holatda ham bu ochiq-oydin yoki uncha yaqqol bо‘lmagan tarzda niqoblarni olib tashlashdir. San’at aynan niqob bilan tо‘silgan personajda biz tirik tananing titrab turgan gavdasini tasavvur qilgan paytimizda paydo bо‘ladi.

Dramatik holat «past» janrlar uchun samara beradi va sodda tomoshabinlar uchun mо‘ljallangan, deb о‘ylash kerak emas.

Yо‘q, ziyrak tomoshabin uchun ham u shunchalik muhim, chunki chuqur va murakkab xarakterlar ham murakkab niqoblar orqasiga yashiringan bо‘ladi. Niqob – bu yolg‘on emas, u har bir xarakterning ma’naviy va ijtimoiy libosdir. Dramatik holat uni harakat qilishga, sotqinlik yoki fidoiylik, odatiy yolg‘on yoki achchiq haqiqat, qutqarib qoluvchi qо‘rqoqlik yoki xatarli botirlikdan birini tanlashga majbur qilmagunicha, odamning о‘zi ham uning niqobi va xarakteri orasidagi chegara qayerdan о‘tishini bilmasligi mumkin.

Hayotda biz kelishuvchanlikni va udumlarga amal qilishni afzal kо‘ramiz. Drama personajlarni ularning yaqinlarini, о‘zini va о‘z ideallarini bevosita xatti-harakatlari bilan himoya qilishi lozim bо‘lgan holatlarga tushiradi. Ular ochlik va о‘limdan omon qolishlari, muhabbat va jinsiy yaqinlik muammolarini hal etishlari kerak bо‘ladi…

Bularning barchasi bizning muammolarimizga о‘xshab ketadi. Ammo biz odatda ularni keyinga suramiz yoki qо‘l uchida hal qilamiz. Drama esa personajlarni qalbining burchak-burchaklaridagi barcha narsalarni tashqariga chiqaradigan, inson nimaga qodir ekanligini kо‘rsatadigan eng keskin holatlarda kо‘rsatadi. Bular qanday kechishini kо‘rish juda ham qiziqarlidir. Aslini olganda, biz aynan insoniy tajribalarning eng sо‘nggi nuqtalariga yetuvchi personajlarni kо‘rish uchun kinoga tushamiz.

Qisqasi, dramatik holat odamlar yuzidagi niqobini yirtadi va ularning haqiqiy basharasini kо‘rsatadi. Kinodan boshqa hech qayerda biz uni bunchalik tо‘laqonli va yorqin kо‘ra olmaymiz. Alternativ omil oshib borganda personajlar faoliyat kо‘rsatishga majbur bо‘ladilar. Ular antagonist (qarama-qarshi raqib) bilan kurashishga tushadimi, yoki axlat ichida g‘arq bо‘ladimi, yoki о‘zini va bir-birlarini g‘arq qila turib yoki qutqarib, yuqoriga kо‘tariladimi – bularning har biri ularning yuzidan niqobini olib tashlaydi. Ular nima deyishlarining hech qanday ahamiyati yо‘q. Sen personajlarni faoliyat yuritishga majbur qilishing kerak. Ayni shu paytda unutmaginki, sen yomon davrada emassan!

Shahzoda Gamlet Daniyaga, uyiga qaytadi. Otasi о‘ladi, oyisi darhol amakisiga – xudbin va badbashara bir kishiga – turmushga chiqadi, kо‘rinishdan ayol uning jun bosgan kaftlari orasida baxtiyor edi. Otasining arvohi esa Gamletga amakisi uni u uxlab yotganida о‘ldirganini aytadi. Chamasi, oyisi ham bundan xabardor kо‘rinadi. Agar bu gardangacha axlatga botish bо‘lmasa, unda nima?! Axlat esa yanada yuqori kо‘tarilmoqda. Dо‘stlar sotib ketishadi, sevgan qizi aqldan ozadi. Qirol Gamletni о‘ldirishni rejalashtiradi: u barcha farmonlarni bergan, murdani kutmoqda. Gamlet esa haligacha dalillar axtaradi. U: «Qolmoq yoki о‘lmoq», deya о‘ylaydi. Axlat bо‘lsa hamon kо‘tarilishda davom etadi. Gamlet allaqachon amin bо‘ladiki – qirol aybdor. Harakat qilish kerak…

Badavlat pomeshchik xotin, muhabbat uchun ochiq, nozik, adolatsizlikka toqat qila olmaydigan huriliqo, о‘z mulkiga qaytib keladi. Bu mulk qarzlarni uzish uchun sotiladi. Uni arzon-garovga sotib olishadi va u ayol faqirga aylanadi. Pomeshchik ayolning boshqa kun kechiradigan manbasi yо‘q. Unga: «Olchazorni kesing, mulkingizni mayda bо‘laklarga bо‘ling va dala hovliga keluvchilarga ijaraga bering», – deyishadi.

Ammo bu olchazor haqida ensiklopediyada yozilgan. Unda yuz yillar mobaynida ajdodlar, kо‘p avlodlar yashashgan. Pomeshchik ayol uchun bog‘ni qirqish – qо‘lini kesish yoki ajdodlar yashagan uyning yuqori qavatini bordel uchun, past qavatini esa narkomanlarga nashaxona qilish uchun ijaraga berish bilan barobar. Garchi gardanigacha axlatga botgan bо‘lsada, u о‘zini bu tarzda qutqara olmaydi. Bu uning tanlovi, uning qismati.

Men dunyo adabiyotining eng nozikta’b dramasi – «Olchali bog‘»ni mana shunday qо‘rqinchli sо‘zlar bilan bayon qilmoqdaman. Barcha buyuk dramalar asosida mana shunday qо‘pol, qо‘rqinchli dramatik holatlar yotadi. Ular xarakterlar о‘z niqoblarini yechishini, qarshi kurashga otlanishlarini yoki halok bо‘lishlarini talab qiladi. Dramatik holat drama muallifi uchun о‘z qahramonlarining mohiyatlarini ochish, bu mohiyatni personajlarning hayot bilan qiladigan janglari orqali namoyon qilishlari uchun tо‘laqonli bir imkoniyatdir. Shekspir, Ibsen, Chexov, Lev Tolstoy, Dostoyevskiy, Gogol – ajoyib bir davra.

Aslida bu davra yanada keng. Darvoqe, ularning orasida birinchi bо‘lib «qahramon zaruratga qarshi turishi lozim – bо‘lmasa, uning passiv xatti-harakatlari tufayli, hech qanday erkinlik bо‘lmaydi», – deb uqtirgan qadimiy yunon faylasufi Aristotel singari kishilar ham bor. Erkinlikning tantanasi esa qahramonning g‘alabasi tarzida amalga oshishi shart ham emas. Qahramon mag‘lub bо‘lishi mumkin, ammo u axlat ichiga botgan itvachcha sifatida emas, balki kurashchi sifatida halok bо‘lishi lozim. Agar u halok bо‘la turib о‘zining taqdir oldidagi aybini yuvadigan bо‘lsa – bunda ham erkinlikning g‘alabasi bor.

Dramaturg va tomoshabinning о‘rtasida aktyorlar bilan birga rejissor ham bor. Ular uchun dramatik holat nimani anglatadi?

Hamma narsani! Mutlaqo hamma narsani.

Ular hamma vaqt о‘z personajlarining dramasini mana shu yerda va ayni shu paytda о‘z xatti-harakatlari bilan ifodalashga intiladilar. Dramatik holat bо‘lsa, xuddi mana shunga imkon beradi. U esa xayolotni mahsuldor bir tarzda faollashtiradi, muallif g‘oyasini rivojlantirish uchun g‘ayritabiiy, yorqin bо‘yoqlar topishga yordam beradi. Mana shu joyda muallif tomonidan taklif etilgan xarakterning barcha zaxiralari faollashadi.

DRAMATIK HOLAT – XARAKTER DARDI SIFATIDA

Biz xarakter tashqi ta’sirga qanday javob qaytarishini kо‘rib chiqdik. Ichki tomonda nima bо‘ladi? Ta’sir quvvati qanday tug‘iladi?

Kishi dramatik holatga tushganida, unga nima xalaqit qilayotgan bо‘lsa, undan qutilishi kerak yoki unga nimadir yetishmasa, shunga erishishi kerak. Uning aqlini nima band qilgan bо‘lsa, qisqa qilib dard deb atash mumkin. Bu narsa uchun dard atamasi juda mos keladi. Qayeringdir og‘riyotgan bо‘lsa, boshqa hamma yering unga nisbatan ahamiyatsizroq bо‘ladi. Unga qarshi qilinadigan harakatdan boshqasi ahamiyatsiz bо‘lib qoladi.

Birinchidan, instinktiv tarzda birdaniga qarshi ta’sir – qisqacha aytganda – motiv ishga tushiriladi. U xuddi chiroq singari, personajni ichki tomondan yoritadi.

Motivatsiya xarakterning barcha – ongli, ongsiz, instinktiv – darajalarida yalt etib namoyon bо‘ladi. Ammo uning ongli darajasi, albatta, bо‘lishi lozim.

Motivatsiya niyatga – mо‘ljalga erishish istagiga aylanadi. Niyat – bu endi ongli qaror. U «xohish»ni «faoliyat kо‘rsatib, maqsadga erishish»ga aylantiradi. Hali siz maqsadga erishganingiz yо‘q va hali aniq bir darddan qutilmagansiz, dramatik holat hali yetilmagan. Bir maqsadga erishdingiz – bitta darddan xalos bо‘ldingiz, keyingi dramatik holatga о‘tasiz.

Siz oyog‘ingizni sindirib oldingiz. Gips qо‘ymagunlaricha siz harakatingizni davom ettira olmaysiz.

Mashinangiz halokatga uchradi – siz uni tuzatmasdan yо‘lda davom eta olmaysiz; yoki uni yо‘lga tashalang-u, piyoda keting.

Dramatik holat yо‘lda harakatni davom ettirish uchun yengib о‘tilishi lozim bо‘lgan tо‘siqdir. Dramatik voqeada xarakter tо‘lig‘icha hal qilib, yо‘lda davom etish mumkin bо‘lgan birgina oddiy muammoga jalb etiladi. Shu tarzda biz juda oddiy elementlardan hayotning о‘ta murakkab kо‘rinishlarini tuzishimiz mumkin. Ularning bitta yaqqol afzalligi bor. Ular emotsional javob topadilar, tomoshabin bilan uzviy bog‘lanishga erishadilar.

Faqat bir holatdagina biz bir dramatik holatdan boshqasiga hayajonlangan tomoshabinni о‘z orqamizdan ergashtirgan holda о‘tishimiz mumkin: ularga qahramonning kechinmalari tushunarli bо‘lishi kerak, shundagina tomoshabin xarakterga emotsional kirishish imkoniyatiga ega bо‘ladi.

Personajning ongida bir vaqtning о‘zida yashayotgan barcha argumentlar va niyatlar orasida har safar xarakterda bizda birgina aniq qadam q о‘yish istagini tug‘diradigan bitta aniq motiv qiziqtiradi. Biz dramada har safar birgina ustun motivatsiyani tanlashimiz lozim.

Prozada esa bu shart emas. Hikoya qilib berish uchun personajlarning kо‘pqavatli motivatsiyalari, fikr yuritishlari, noaniq niyatlari va noiloj holatlari – bu odatiy, tabiiy va savodli hol. Ammo dramaning personaji tubdan boshqacha, u harakat qilishi, antagonist bilan kurashishi va tomoshabinni unga hamdard bо‘lishi uchun jalb qilishi kerak. Shuning uchun unda har safar birgina tushunarli harakat uchun birgina yaqqol motivatsiya b о‘lishi lozim. Umumiy yо‘l juda murakkab bо‘lishi mumkin. Lekin har bir qadam sodda bо‘lishi kerak.

 

Devid Mammet bu haqida shunday degan edi: «Personajning har bir harakatida faqat bitta motivatsiya bо‘lishi kerak, agar shunday bо‘lmasa siz: «men avtobus haydovchilari ish tashlaganlari uchun darsga kech qoldim, mening xolam bо‘lsa zinadan yiqilib, oyoqlarini sindirib oldi, degan talabaga о‘xshab qolasiz». Motivatsiyalar kо‘p bо‘lsa, muallifning g‘oyasi, aktyorning ijodiy irodasi va tomoshabinning qiziqishlari unda chо‘kib ketadi.