Кинода режиссура ва драматургия

Tekst
Loe katkendit
Märgi loetuks
Kuidas lugeda raamatut pärast ostmist
  • Lugemine ainult LitRes “Loe!”
Šrift:Väiksem АаSuurem Aa

HIKOYANI QANDAY BOSHLASH KERAK

Har qanday hikoya damatik holatdan boshlanadi.

U yuzaga qanchalik tez qalqib chiqishi kerak? Eng yaxshisi – darhol. Ssenariyning birinchi betida filmingiz faoliyat kо‘rsatadigan harakat muhitini berasiz. Ikkinchi betda, odatda, personaj tushib qolgan dramatik holat vujudga keladi. Ammo bir cheklov haqida ta’kidlash zarur: dramatik holat insonlar о‘rtasida vujudga kelgan muammo haqida bayon qiladi. Bu juda muhim cheklov. Qahramon va tabiat kuchlari, ijtimoiy voqealar va falsafiy yо‘nalishlar о‘rtasidagi muammolar, mojarolarda yomon ishlaydi. Ularning hammasi aniq, tirik kishilar о‘rtasida bо‘ladigan konfliktlarga keltirilishi kerak.

Romeo uchun muammo – ikki dushman qavmlar orasidagi ijtimoiy mojaro emas, balki uning Julyettaga muhabbatidir. Qanday qilib uning eri bо‘lish kerak? Ranevskaya uchun muammo – Rossiyaning ijtimoiy sahnasidan dvoryanlikning tushib ketishi emas, balki aniq hayotiy g‘amtashvishlardir. Kambag‘allikdan qanday qutilish kerak? Qanday qilib bolalarining hayotini ko‘ngildagiday yo‘lga solish lozim? Qanday qilib bedavo о‘ynashi bilan yarashib olsa bо‘ladi?

Gamlet uchun muammo – otasining qotilini qanday qilib jazolash.

Oddiy, muhim hayotiy muammolar dramada darhol bayon qilinadi. Drama personaji о‘z muammolari bilan paydo bо‘ladi.

Ya’ni u о‘z dramatik holati bilan ayon bо‘ladi. Kо‘z oldimizda sodir bо‘ladigan kurashgina bizni hayajonlantiradi. Bu esa dramadir.

Prozada kо‘p hollarda biz personajlar bilan shoshilmasdan tanishamiz, ularning tarjimai hollari, о‘ziga xos xususiyatlari haqida tasavvur hosil qilamiz va asta-sekinlik bilan hayotning jо‘shqinliklari orasidan konflikt mavzusi qо‘ng‘iroq qila boshlaydi. U gо‘yo о‘zо‘zidan paydo bо‘ladi va asta-sekinlik bilan qissaning, hikoyaning butun maydonini egallab oladi. Balki qayerdadir tagida qolib, sezilar-sezilmas kо‘rinishi yoki noaniq sirli holda qolishi ham mumkin…

Ammo yaxshi dramaning boshlanishi hamisha aniq va keskin bо‘ladi. Personajlar harakatlanishlari lozim, harakat esa noaniqlikka yо‘l qо‘ymaydi. Siz buni qilishingiz kerak. Siz о‘z harakatlaringizni keyinga qoldira olmaysiz. Hikoya «kimdir nimanidir olishni istaganligi» uchun paydo bо‘ladi. «U nima uchun uni ola olmasligi» biz uchun muhimdir.

Personajlar harakat qilishlari lozim, chunki ularga alternativ omil xavf solayotir. Alternativ omil nima degani о‘zi? Alternativ omilning manbalari hamisha bizni о‘rab olgan borliqda bо‘ladi. Alternativ omilning eng asosiy xatari tashqi tomondan bо‘ladi. Aniq anglatilgan va ertaroq ifodalangan alternativ omil – kuchli tayanch bо‘lib, u dramatik holatni harakatga keltiradi.

Va aksincha, agar alternativ omil aniq bо‘lmasa, yuzaga qalqib chiqmagan bо‘lsa, personaj xuddi о‘z ixtiyori bilan emas, balki muallifning qо‘lidagi qо‘g‘irchoqqa о‘xshab harakat qilayotganday bо‘ladi. Siz uchun u otishi kerak bо‘lsa – u otadi, ammo otmasligi ham mumkin edi – uni hech narsa shu yerda va ayni paytda harakat qilishga majbur qilayotgani yо‘q edi.

Alternativ omil – dramadagi har bir personaj xatti-harakatlari motivatsiyasining asosiy jihatlaridan biridir.

ALTERNATIV OMIL

Har bir dramatik holatda alternativ omil ishtirok etishi kerak. U qahramonga xavf-xatar soladi. U: «Mening xavf-xatarimga qarshi sen nima qilasan?» – deb savol beradi. Siz alternativ omilni topmagan va uni ishlashga majbur qilmagan ekansiz, dramatik holat harakatdan mahrum qoladi. Alternativ omil – agar qahramon dramatik holatga bas kelolmasa, unga nima bо‘ladi? – degan savolga aniq javob berishi lozim. Bu holda uni qanday dahshatli alternativ kutayapti? Bu alternativ aniq, ravshan bо‘lib, shu yerda va ayni shu paytda amal qilishi kerak.

Alternativ omil – bu raqibning quroli, antagonistning quroli. U shu yerning о‘zida va ayni shu paytdagi aniq xavf-xatar dahshatidir. Xavf-xatar qanchalik noaniq va uzoqda bо‘lsa, dramatik holatning tarangligi shuncha kamayadi. Hech kimni kelasi yili bо‘ladigan va butun Yaponiyani vayron qiladigan zilziladan esi chiqib ketmaydi. Hozir sug‘irib olinayotgan tish – ayni dahshatning о‘zi. Agar uni bugun sug‘irib tashlamasa, jag‘ yiringlab ketishi mumkin. Alternativ omil – bu shunday tamoyilki, biz uni shu yerning о‘zida va ayni shu paytdan kechikmasdan keladigan xavf-xatardan keltirib chiqaramiz.

Dunyoda dahshat va xavf-xatarlarning soni juda kо‘p, ammo ularning hammasi yetti daraja atrofida tо‘planadi:

1. О‘zini hurmat qilishga beriladigan zarba.

2. Kasbiy о‘pirilish.

3. Jismoniy zarar.

4. О‘lim xavfi.

5. Oila hayotiga tahdid.

6. Populatsiya hayotiga tahdid.

7. Insoniyatga tahdid.

Nazariy jihatdan bu omillar dramatik holatning kuchayib borishi tartibida joylashtirilgan. Ammo amalda har bir omil eng yuqori stress va yuqori darajadagi harakat tashkil etishi mumkin.

О‘ZINI HURMAT QILISHGA BERILADIGAN ZARBA

Chexovda «Amaldorning о‘limi» degan kichkina bir hikoya bor. Kichik amaldor Chervyakov teatrda tasodifan aksa uradi va oldinda о‘tirgan generalning kal boshiga tupuk sachratadi. U begona mahkama generali edi. Chervyakovga hech narsa xatar solmasdi. О‘zini hurmat qilishni yо‘qotishdan boshqa hech narsa. U jur’atsizlik tо‘sig‘ini yengib о‘tadi – kechirim sо‘raydi. Ammo bunga muvofiq kechirimga erisha ololmaydi. Undan ham yuqoriroq tо‘siqni yengib о‘tadi – tanaffusda takroran kechirim sо‘raydi. General qо‘l siltaydi, ammo Chervyakovning о‘zini hurmat qilishi darajasida – otalarcha kechirmaydi. Yangi tо‘siq undan ham balandroq – Chervyakov mahkamaga borib, yana kechirm sо‘raydi. General kechagi voqeani unutgan edi. Unutgan, ammo kechirmagan edi. Tо‘siq yanada balandroq kо‘tarilgan edi. Chervyakov yana generalning oldiga boradi. Shunda general jahildan portlab ketadi va Chervyakovni quvib soladi. Bechora amaldor uyiga keladi va о‘lib qoladi. Bu hazil – о‘ziga hurmatning yо‘qolishi xavfi ostida dramatik holatning rivojlanib borishiga mumtoz bir misoldir.

Hurmatga juda molik mafkuralar borki, ularda о‘ziga hurmatning yо‘qotilishiga о‘lim bilan haq tо‘laydilar. Masalan, yapon samuraylarining vijdon kodeksi. «Yuzini yо‘qotgan» samuray xarakeri qilib, о‘z-о‘zini о‘ldirmog‘i lozim, bilamizki, bu behuda gap emas.

Turli madaniyatlarda о‘ziga hurmatning darajasi va shakli aql bovar qilmas darajada keng. Nemis qizlari, о‘zlariga bо‘lgan hurmatni zarracha yо‘qotmaganlari holda, saunada begona erkaklar yonida bug‘lanishadilar. Agar siz buni allaqanday g‘ayritabiiy qabul qiladigan bо‘lsangiz, ular sizni telba va shovinist erkak deb hisoblaydilar. Sharqdagi musulmon ayollari uchun yuzlarini salgina ochilishi – sharmandalik va о‘ziga hurmatning yо‘qolishidir. Agar bunday ayolni zо‘rlab yechintirishsa, u sharmandalikdan aqldan ozishi hech gapmas.

Ayol kishi agar zо‘rlansa, jismoniy zarar uncha katta bо‘lmasligi mumkin. Jinoyatchini о‘ziga bо‘lgan hurmatga zarar keltirgani uchun, bu bilan bog‘liq ruhiy shikast uchun jazolashadi. Ibtidoiy jamiyatda ayolning kuch oldida bо‘ysunishi hayot tamoyili edi. О‘ziga hurmatning yо‘qolishi biz yashayotgan sivilizatsiyaning darajasi va xarakteri bilan aniqlanadi.

О‘zini hurmat qilish – bizning hayotimizda doimo mavjud bо‘lgan omil va u bizga dastlab qandaydir noxushlik haqida xabar beradi.

Ayol kishi eridan nimalarnidir talab qilayotganida, kо‘proq qaysi sо‘zlarni aytadi?

– Sen meni mensimaysan!

Barcha yoshdagi kishilarga о‘ziga hurmatning yо‘qolishi ta’sir etadi. Gо‘dak endigina oyoqqa turgan paytda dastlab paydo bо‘ladigan tuyg‘u – о‘zining shaxs ekanligini tushunish hissidir. Men onaning uch yoshli bola bilan shunday gaplashayotganini eshitganman:

– Nega dodlayapsan? Sen hech kim emassan. Jim bо‘l!

– Yо‘q, men kimman! Yо‘q, men kimman! – deb qichqirardi bola.

Biz hammamiz «kimdir» bо‘lishni istaymiz. Biz boshqalardan farq qilishni istaymiz. Kо‘p kishilarga, ayniqsa yoshlarga, shaxslik tuyg‘usi tо‘daga tegishli tuyg‘u о‘rniga keladi. Bu shaxsning – tо‘daning, guruhning, bandaning, qanday atashingdan qat’i nazar – о‘zini hurmat qilish hissidan kо‘ra agressivroq narsa yо‘q. U о‘z hududida uni tan olishlarini talab qiladi. Uning nafsoniyatiga tegib qolsangiz, u sizga tishlarini g‘ijirlatgan holda, agar tо‘pponcha bilan bо‘lmasa ham, pichoq va kaseta bilan tashlanib qoladi.

Ammo har qanday tо‘da ichida tabaqalanish amal qiladi. Har bir a’zoning о‘zini hurmat qilishi bu tabaqalanishdagi darajasi bilan aniqlanadi. О‘zini hurmat qilish hamisha har bir kishining shaxsan aniq maqsadi va о‘zini hurmat qilishini yо‘qotishi bilan kelib chiqadigan aniq xavf-xatarga bog‘liqdir.

О‘ziga hurmatni butunlay yо‘qotgan kishi yо‘q. U har bir kishida bor va hamisha о‘ziga hurmatning pastroq darajasiga tushib qolish xavfi mavjud. О‘zini hurmat qilish tabaqalanishi nafaqat odamlarga xos, u – har qanday populatsiya uchun tabiatning umumiy qonunidir. Bu tabaqalanish har qanday hayvon tо‘dasida ham amal qiladi. Babuinlar tо‘dasi sardori tо‘dadagi barcha urg‘ochi babuinlar bilan qovushish huquqi uchun о‘lar darajada jang qiladi. Uni bu huquqdan mahrum qilsangiz, о‘ziga hurmatning yо‘qotish stressi uni о‘ldiradi.

Olimlar shunday tajriba о‘tkazdilar. О‘rtasi oyna tо‘siq bilan ajratilgan qafasning bir bо‘lagida tо‘da sardorini joylashtirdilar, ikkinchi qismiga – oddiy babuinni.

Oddiy babuinga birinchi navbatda banan berishdi, sardorga – ikkinchi. Oddiy babuinga urg‘ochisini kirtib yuborishdi va u g‘azabdan quturgan sarkorning kо‘zi oldida quvongan holda avlod keltirish ishi bilan shug‘ullandi. Avval sarkor aqldan ozgan holda о‘zini u yon-bu yon urdi, keyin esa ruhiy iztirobga (depressiyaga) uchradi. Sarkorning infarktdan yuragi yorilishi uchun atigi uch kun yetarli bо‘ldi. Uni nima о‘ldirdi? О‘ziga hurmatning yо‘qotilishi.

 

Madaniylashgan jamiyatda о‘ziga hurmatni yо‘qotish masalasining ahamiyati hech bir kamaygani yо‘q. «О‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi» personajlarni dramatik holatga haydaydi. Bu yerda ular – bizning о‘ljamizdir. Personajdan dramada foydalanmoqchimisiz? Uni «о‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi» bilan tekshirib kо‘ring. Sizdan nima talab etilsa, shuni olasiz.

Har qanday kishi о‘zini hurmat qilishiga bо‘ladigan xavf-xatarga ziyraklik bilan javob beradi. Ong osti darhol stress (jazava) mexanizmini ishga tushiradi. Ba’zan siz NN bilan munosabatlaringiz nega sovib qolganini tushunmay qolasiz. Xotiralaringizni bir titib kо‘ring yoki sevgan ayolingizdan yordam sо‘rang: ayollar bu masalada xushyorroq bо‘ladilar. Siz albatta NNning о‘zini hurmatlash hissiga bilinar-bilinmas zarba berganingizni topasiz.

О‘zini hurmat qilish – о‘zimizning emotsional hududimizni, о‘z mikroiqlimimizni himoya qiladigan о‘ta nozik parda. U esa har bir kishida mavjuddir.

«О‘zini hurmat qilishni yо‘qotish» energiyasi bizning odatdagi yurish-turishimizni (odob-axloqimizni) о‘zgartiradi, odamlarni g‘ayriodatiy xatti-harakatlar qilishga majbur qiladi. Shu sababli ham dramatik holatda о‘zini hurmat qilishning yо‘qotilishi xavfi bunyodkor omil tariqasida ish beradi. U qahramonning faol himoyalanishga va javob zarbasi berishga majbur qiladi.

KASBIY О‘PIRILISH

Bu, aslini olganda, sizni odatdagi xatti-harakatlardan chetga chiqarib, hayotdagi о‘rningiz uchun kurashishga majbur qiladigan zarbaning kodlashgan nomidir. Siz muvaffaqiyatlarga erishayotgan edingiz. Butun hayotingiz davomida siz asta-sekinlik bilan yuksaklikka kо‘tarilib borgan edingiz – birdan depressiya oqimi sizni yо‘ldan toydirdi. Yoningizdagi kimdir о‘zini tutib qoldi, ammo siz emas. Siz pastga yumalab ketayapsiz va tushunasizki, yuqoriga yana kо‘tarilish uchun endi sira imkoniyatga ega bо‘lolmaysiz.

Maykl Duglasning «Yetar, bas!» («S menya xvatit!») filmidagi personaj shunday holatda bо‘ladi. U ishsiz qoladi, xotini undan ketib qoladi. Oldingi hayotiga qaytish uchun uning imkoniyati yо‘q. U yolg‘izlik qurshovida. Hammasiga qarshi bir о‘zi.

Kasbiy о‘pirilish xavfi – personaj faolligini aql bovar qilmaydigan darajada kuchaytiruvchi narsadir. Pesonaj о‘ziga: men bu ishni amalga oshirolmasam nima bо‘ladi, – degan savolni qо‘yishi bilan ta’sir energiyasi birdaniga oshib ketadi.

Jarroh, «Qochoq» filmi personaji, Garrison Ford muvaffaqiyatlarga erishadi, gо‘zal rafiqasini sevadi va u ham buni sevadi. Birdaniga, bir onning о‘zida, hammasi vayron bо‘ladi. Rafiqasi о‘ldiriladi, jarroh haqsiz ravishda qotillikda ayblanadi va о‘limga hukm qilinadi. Tasodif uni turmadan qochishiga yordam beradi. U qotilni izlaydi. Kim u? Unga hamkasb vrach yangi dori yaratishda kasbiy muvaffaqiyatsizlikka uchragan, jarroh bо‘lsa hisobotlardagi uning yolg‘onini topgan edi.

Kasbiy о‘pirilish konfliktni, unda nima qilib bо‘lsa ham g‘alaba qozonish kerakligi darajasida kuchaytiradi: bu ishga millionlab mablag‘ tikilgan. Murdalar biri ikkinchisi ortidan qulay boshlaydi. Barcha raqiblar yо‘qotilgan. Agar Garreson Ford g‘alaba qilmasa, biz ham bu zararli dorini qabul qilamiz. Kasbiy о‘pirilish, qaysi kasbligidan qat’i nazar, har bir pesonaj tajribasiga emotsional hamdardlik qilish imkonini beradi.

Bu holatlar bestellerni effektlar hisobiga о‘ta kuchaytirgan bо‘lib kо‘rinishi mumkin. Ammo hayot bizga biron bir bestellerda, biron mumtoz adabiyot durdonalarida ham uchramaydigan qonli voqealarni taqdim etadi.

1934-yilda Stalin barcha dohiylarning eng dahosi, geniy, о‘zi lagerlarga tiqqan millionlab ishchi va dehqonlar u yoqda tursin, barcha bolalarning, olimlarning va fizkulturachilarning otasi deb e’lon qilindi. О‘zining birinchiligini mustahkamlab qо‘yish uchun u kо‘pchiligini о‘zi hokimiyat tepasiga olib kelgan partiyaviy funksionerlar s’ezdini chaqirdi. Bu ablahlar esa yashirin ovoz berish paytida Stalinni 14- о‘ringa qо‘yishdi. Birinchi о‘ringa otashin yugurdak va jо‘shqin sо‘zamol, Leningrad kommunistlarining rahbari Kirov chiqdi.

Stalin uchun bu «kasbiy о‘pirilish» edi. U tezda chora kо‘rdi. Kirov о‘ldirildi. Uning ketidan qon daryosi oqizildi. Kirovdan keyin Leningradning barcha rahbar kommunistlari о‘ldirildi. Butun mamlakat bо‘ylab ommaviy otishlar va qatag‘onlar bо‘lib о‘tdi. Natijada Stalin tirik dohiylar о‘rtasida 1- dan 14- gacha bо‘lgan barcha о‘rinlar egasi bо‘ldi. Bundan keyin u hech qachon kasbiy о‘pirilishga yо‘l qо‘ymadi. U vafot etganida butun mamlakat yig‘i-sig‘idan larzaga keldi. Hamma yetim qoldi – barcha oilalarda barcha bolalarning, ishchi va dehqonlarning otasi о‘lgan edi.

Bu g‘ayrioddiy bir misol, deyilishi mumkin. Kasbiy о‘pirilish kо‘pchilik holatlarda oddiy odamga odatiy ish joyida ham tez-tez xavf solib turadi.

Ishni kengaytirish bо‘yicha yangi g‘oyalar bozor tomonidan inkor etilishi mumkin.

Sizning о‘rningizni boshliqning о‘ynashi egallamoqchi.

Sizni mensimasdan, о‘zingiz loyiq bо‘lgan lavozimga kо‘tarishmadi.

Bunaqa muammolarni cheksiz kо‘p sanab о‘tish mumkin. Ish kо‘pchilik kishilar uchun nafaqat maosh manbayi, balki hayotining mazmuni ham. Ish – ular yashaydigan dunyo, ular u yerda muhim – kerakli, hurmatga sazavor – va bu narsalarning ahamiyati ish haqidan kam emas. Bu odamni о‘sha ishidan mahrum qilsangiz, u uzoqqa bormaydi.

Xalqaro avialiniyalarning tajribali-uchuvchilarida shunday bо‘ladi ham. Kechagina yuzlab kishilarning hayoti ularga bog‘liq bо‘lgan bu о‘z kasbining katta ustalari nafaqaga chiqqanlaridan sо‘ng hech nimasiz qoladilar. Taqdir esa ularga bundan keyin infarktgacha bir, kо‘pi bilan ikki yil fursat beradi. Bu – statistika.

Madaniylashgan olamda kasb-kor hayotingizning mazmuni va tarkibini aniqlovchi barcha asosiy narsalarni belgilab beradi. Shuning uchun ham kasbiy о‘pirilish – hayotdagi halokatdir.

JISMONIY ZARAR

Bu endi mushtlashish. Jismoniy zarar raqib dо‘q-pupisadan harakatga о‘tganini kо‘rsatadi. Bu hamisha harakatning rivojiga taranglik olib kiradi. Qahramon uchun xavotirlanishga ozuqa paydo bо‘ladi, demak, xavf oydinlashadi. Qahramon mushtga musht bilan javob berishi yoki undan qochib qutulishi kerak. Nima bо‘lganda ham javob kо‘rsatish darhol sodir bо‘ladi va yaqqol ifodalangan bо‘ladi. Shu sababdan jismoniy zarar film personajlariga tez-tez va kо‘p marta tahdid qiladi.

Jismoniy zarar xavfi bilan qо‘rqitish tufayli bо‘ladigan konflikt – deyarli eng ommalashgan va janglarda tez-tez takrorlanib turadigan holatdir. Kun-fu va karate qо‘llanilgan filmlarda mushtlashish baletga aylantirilgan. Olishish, qirg‘inbarot qilish – barcha supermenlarning sevgan mashg‘uloti.

Jismoniy zarar – tenglashtirishning agressiv agentidir. Chaplin davridagi komiklar urishgan quvnoq beozor tyurklardan boshlab ekrandagi barcha zarbalar shu onning о‘zida va yorqin bir tarzda bizning ong ostimizda javob qaytaradi.

О‘LIM XAVFI

Bu pesonajni mо‘ljalga olib otganda sodir bо‘ladi. Uning mashinasi portlab ketadi, uyi yonadi, u bо‘lsa ssenariy muallifining о‘ylab topgan mavzusini baxtli xotimaga yetkazish uchun mahv bо‘lishdan qutilib qoladi.

Shuningdek, bu qahramonning oxirigacha borishga qaror qilgani haqida guvohlik hamdir.

Gamlet mо‘ralab qarayotgan Poloniyga qilichini sanchib oladi yoki ayg‘oqchi dо‘stlari Gildestern va Rozenkransni о‘limga mahkum etadi – u hayot mamot jangiga tayyor turibdi.

Julyetta uni kun davomida hushsiz holga keltirib, hayotiga xavf solgan xatarli uyqudorini ichadi.

Chexov faqat bir marta, «Ivanov»da dramani о‘q uzish bilan tugatgan. Ammo amalda uning barcha pyesalari muqarrar о‘lim – uning eng fojeaviy manosida – tiriklayin о‘lim xavfi bilan tugaydi. Polkning ketishi va Tuzenbaxning о‘limidan keyin uch opa-singilni nima kutadi? Hayot mazmunidan judo bо‘lgan Vanya tog‘ani nima kutadi? Tirikchilik manbaisiz qolgan Ranevskayani nima kutadi? Qashshoqlikda о‘lim topish, aniqrog‘i – о‘z joniga qasd qilish. U bir marta muammolarini shunday hal qilmoqchi bо‘lgan edi.

Agar biz bu tahdidni yarata olsak, о‘lim murdalarni ekran bо‘ylab har tarafga itqitishi yoki tumanli kelajakdan qarab turishidan qat’i nazar, u ish beradi. U dramatizmning qudratli omilidir.

OILA HAYOTIGA TAHDID

Shunday narsalar borki, kо‘pchilik uchun ular hayotdan kо‘ra muhimroqdir. Bular sen sevadigan kishilaring: bolalaring, rafiqang, ba’zan ota-onalaring va amalda, oilangning bir qismi bо‘lmish kishilaringning hayotidir.

POPULATSIYA HAYOTIGA TAHDID

Taomildagi kishining hayoti nafaqat о‘z oilasida, balki о‘z xalqi orasida yashaganida baxtiyor va tо‘laqonli bо‘ladi. U hayot uchun asrlar qa’riga kirib boruvchi ildizlar va kelajakka yuksaluvchi istiqbol beradi. Umuman olganda, inson uning hayoti va urinishlari о‘zidan kо‘ra ancha kattaroq narsalarning bir qismi bо‘lganida baxtiyor bо‘ladi. Xuddi sog‘lom odam tanasi signallarini sezmaganidek, normal holatlarda kishi bu narsalarga e’tibor bermaydi. Signal – kо‘ngilsizlik alomatidir. Siyosiy rahbarlar tomonidan qilinadigan tashviqotining asosini aynan millatchilik tashkil qiladi. Ular «Xalqing xavf ostida», – deganlarida bu narsa sen о‘z xavfsizligingni e’tiborga olmasliging kerakligini anglatadi. Xalq yashab qolishni istar ekan, uning uchun qurbon bо‘lish sening burchingdir. Sen kelajak uchun qurbon bо‘lishing kerak. Bu – endi mistika. Kelajakda nima borligini kim biladi? Bolalaring va nevaralaring qanaqa hayotda yashashni istashadi?

«Populatsiya hayotiga tahdid» – hokimiyat sari intiluvchi har qanday siyosatchi uchun tushunilishi eng oson bо‘lgan shiordir. Bu eng kuchli alternativ omildir, u odamlarni birlashtiradi, о‘z hayotlari uchun qayg‘urish hissini о‘ldiradi va ularni g‘oyaviy qotillarga aylantiradi. Drama uchun u о‘ta sermahsul omildir. Garchi hayot u haqida unutishga yо‘l qо‘ymasada, uni esdan chiqarmaslik foydadan xoli emas.

INSONIYATGA TAHDID

Shunday paytlar bо‘lgandiki, men bunday alternativ omil real dramatik holatda emas, balki fantastikada yoki strategik raketaga qarshi mudofaada amal qiladi, deb о‘ylardim. Ammo mana, yosh demokratlar о‘z vatandoshlarini shunchalar bexayolik va osonlik bilan о‘ldirishayaptiki, bunga stalinchilik rejimi havas qilsa bо‘ladi. Ular hech bо‘lmaganda yashirin qassoblar edi. Bular esa – bo‘g‘zingga uyatsizlarcha pichoq tortadi. Bu narsalarni «buyuk davlatlar», din va millat manfaatlari talab qiladi. Bu manfaatlar endilikda butun insoniyatga tahdid solmoqda. Atom bombasi tashlanib, insoniyat «insoniyatga tahdid» deb ataluvchi muhim alternativ omil ta’siri ostidagi ommaviy tirik qolish fazasiga kirishiga yaqinlashib borayotganga о‘xshaymiz.

Sanab о‘tilgan alternativ omillar rо‘yxati shuni kо‘rsatadiki, bularning hammasi fojiaviy alternativalarni kuchayib borish bosqichlaridir. Bularda optimizm unchalar ham kо‘p emas. Ammo drama alifbosi aytadiki, dramaning optimizmi nafaqat baxtiyor, balki fojiaviy xotimada ham ifodalanadi, bunda xotima qahramon uchun mumkin bо‘lgan aniq holatlar ichidagi eng yaxshi yechim bо‘ladi.

Hamma narsa «insoniyatga tahdid» shu yerdagi va ayni shu paytdagi har bir kishiga tahdid soluvchi omil bо‘lib qolishiga olib boriladi. Ziyrak aql egalari uchun bu vaqt allaqachon kelib bо‘ldi.